Majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan axborot

18.06.2020

Majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakatimizda qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Biroq ayrim mansabdor shaxslar tomonidan qonun buzilishlari sodir etilishi fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini poymol etishi kabi xunuk holatlarning uchrab turganligi ham bor gap.

Jumladan, 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida jami 28 ta holatda majburiy mehnat jalb etish aniqlanib, aybdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi birinchi qismiga asosan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Ushbu majburiy mehnat holatlarida asosan mansabdor shaxslar tomonidan xodimlarini o‘zlarining xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburan jalb etilganligi aniqlandi.

Masalan, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hokim o‘rinbosari 2020 yil 6-7 may kunlari tuman umumta’lim maktablari direktorlariga tazyiq o‘tkazib, tuman markazidagi “Yoshlar maydoni”ga direktorlar va ularning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarini obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilingan.

Samarqand viloyati Narpay tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri esa 2020 yil 22 may kuni tumandagi 1, 10, 12, 22-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida maktab direktorlariga maktab hojatxonalarini xodimlarga ta’mirlashni buyurgan.

Farg‘ona shahridagi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 18-syex boshlig‘i o‘rinbosari syex xodimini o‘zining yashash uyida ishlash uchun majburan jalb qilgan.

Andijon viloyati Asaka tumanidagi 30-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari xodimlarini xizmat vazifasiga kirmaydigan ishni, ya’ni xonani tozalash va o‘tinlarni tashishni majburan bajartirgan.

2020 yil 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori tomonidan maktab o‘qituvchilarini aholi tomorqalariga ekin va ko‘chatlar ekishi lozimligi haqidagi tushuntirish ishlari olib borishga majburan jalb etilgan.

Surxondaryo viloyati Angor tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxona majmuasi mudiri haftaning har payshanba kuni navbatchiligi bo‘lmagan xodimlarni chaqirib olib tibbiyot birlashmasi hududini tozalatgan.

Xorazm viloyati Urganch shahrida joylashgan Turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji direktori o‘rinbosari 2020 yil
24-25 yanvar kunlari kollej o‘quvchilarini obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti filiali kadrlar bo‘limi va xo‘jalik bo‘limi boshliqlari 2020 yil 11 mart kuni universitet xodimlarini qurilish va obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilgan.

Toshkent shahridagi Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatasiyasi instituti rektori “Bunyodkor” yoshlar mehnat otryadi talabalarini majburiy mehnatga jalb qilgan.

Yuqoridagi holatlar Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, mansabdorlarga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan.

мажбурий 1 (1) 

мажбурий 

 2020 yil 23 apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga asosan majburiy mehnat uchun javobgarlik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinishi hamda Jinoyat kodeksining 1482-moddasiga asosan majburiy mehnat ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilsa jinoiy javobgarlik belgilanganligi haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi eslatib o‘tadi.

Shuningdek, agar mehnat huquqlaringiz buzilsa yoki majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilishi haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “1176” qisqa raqamli ishonch telefoni, ijtimoiy tarmoqdagi “dmi.mehnat.uz” sayti hamda “mehnathuquqbot” telegram botiga murojaat etishingiz mumkin. Har bir murojaat va xabarlar belgilangan tartibda o‘rganib chiqilib, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi va natijasi haqida ma’lumot beriladi. Murojaatchining roziligisiz shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kafolatlanadi.