Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan Nukus shahridagi voqeaga oid Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining munosabati
Joriy yil 17-dekabr kuni ayrim elektron ommaviy axborot vositalarida (“Аnhor.uz” va b.) Nukus shahrida jamoat ishida qatnashgan bir guruh xotin-qizlar ularga mehnat haqi o‘z vaqtida to‘lanmaganligi uchun avtomobil qatnov yo‘lida norozilik namoyishi o‘tkazganligi to‘g‘risida ma‘lumotlar chop etilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tezkor o‘rganish o‘tkazildi.
Joriy yil noyabr oyida “Temir daftar”ga, “Аyollar daftari”ga kiritilgan kambag‘al oilalarning mehnatga layoqatli a‘zolarining bandligiga ko‘maklashish maqsadida Nukus shahrida 1 184 nafar ishsiz fuqaro qo‘shimcha ravishda mahalla fuqarolari yig‘inlari buyurtmasiga asosan jamoat ishlariga jalb etilgan va ularga 817 million so‘m ish haqi hisoblangan.
Аmaldagi tartibga muvofiq, buyurtmachi – ish beruvchi tomonidan jamoat ishlarida bajarilgan ish hajmi to‘g‘risida dalolatnoma, jamoat ishiga qatnashganligini tasdiqlovchi qaydnoma (tabel) taqdim etilganidan so‘ng mazkur hujjatlar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoat ishlari jamg‘armasidan qo‘shimcha mablag‘lari moliyalashtirilib beriladi.
Hozirgi kunga kadar fuqarolarga 226 million so‘m ish haqi to‘lab berildi, qolgan 591 million so‘m mablag‘ Nukus shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 18 dekabr kuni to‘liq to‘lab beriladi.
O‘rganish yakuni bilan aybdor shaxslarga nisbatan intizomiy choralar ko‘riladi. Mablag‘lar to‘liq to‘lab berilgani va aybdor mansabdor shasxlarga choralar ko‘rilganligi to‘g‘risida ma‘lumot ko‘shimcha taqdim etiladi.