Ijtimoiy tarmoqdagi “Bosh vazir o‘rinbosari qonunni bilmaydimi yoki kodeks o‘zgardimi?” sarlavhasi yuzasidan chiqarilgan maqola davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 84-moddasiga asosan mehnat shartnomasi quyidagi maqsadda dastlabki sinov sharti bilan tuzilishi mumkin:
xodimning topshirilayotgan ishga layoqatliligini tekshirib ko‘rish;
xodim mehnat shartnomasida shartlashilgan ishni davom ettirishning maqsadga muvofiqligi haqida bir qarorga kelishi.
Homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar, korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilari ishga qabul qilinganda, shuningdek xodimlar bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilib, ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi.
Shuningdek, mazkur kodeksning 85-moddasida dastlabki sinov muddati uch oydan oshib ketishi mumkin emas deb belgilangan. Dastlabki sinov muddati tugagunga qadar har bir taraf ikkinchi tarafni uch kun oldin yozma ravishda ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir. Bunday holda ish beruvchi mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz bo‘lgandagina bekor qilishi mumkin.
Yuqoridagilarga muvofiq, xodimlarni ishga qabul qilishda belgilangan dastlabki sinov muddati davomiyligi 3 oydan ortiq bo‘lishi amaldagi qonunchilikka zid hisoblanadi.