"Ibratli oila” ko‘krak nishonini berish tartibi belgilandi
"Ibratli oila” ko‘krak nishonini berish tartibi belgilandi
Hukumat qarorga ko‘ra, ushbu ko‘krak nishoni bilan farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan namunali oilalar taqdirlanadi.
Qarorga muvofiq:
Har yili 1 martgacha Xotin-qizlar faollari, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar shakllantirilib, tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga taqdim etiladi.
Har yili 15 martgacha nomzod oilalar har tomonlama o‘rganilib, 15 aprelgacha eng munosiblari bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
Saralashda quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi:
– oilada va jamoat joylarida kutubxonalar tashkil etgan;
– oila a’zolari ilmli, ziyoli, ilmiy darajaga ega bo‘lgan;
– ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka, homiylikka olgan;
– oilaviy sport bilan shug‘ullanib, respublika va xalqaro darajadagi yutuqlarga erishgan;
– oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan oilalar.
Ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan oilalar 15 may – Xalqaro oilalar kuni bayrami arafasida tantanali taqdirlanadi.
Gʻolib oilalarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti berilib, xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga “Ibratli oila” belgisi o‘rnatiladi.
Bir oila ko‘krak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur ko‘krak nishoni O'zbekiston Respublikasi Prezidentning 2022-yil 7-martdagi farmoni bilan ta’sis etilgan.