GERMANIYADA ISHLASH UCHUN KENG YO‘L OCHILADI

27.09.2023

 

Ayni paytda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi delegatsiyasi Germaniyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Kecha Berlin shahrida vazir Behzod Musayev Federal Hukumatning migratsiya masalalari bo‘yicha maxsus vakili doktor Yoaxim Shtamp bilan uchrashdi.

Mazkur uchrashuvda Germaniyaning Migratsiya masalalari bo‘yicha maxsus vakili idorasi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Mehnat va ijtimoiy ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar va transport vazirligi, Bandlik agentligi rahbarlari ishtirok etdi.

Doktor Yoaxim Shtamp muloqot davomida O‘zbekiston Germaniya uchun strategik muhim hamkor mamlakat ekanligini qayd etar ekan, shu yilning 31 iyul-3 avgust kunlari yurtimizga qilgan safari, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarimizning kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarning yuqori darajada tashkil etilgani borasida to‘xtaldi.

Migratsiya va mobillik bo‘yicha hukumatlararo bitim loyihasini tayyorlash bosqichlari va mexanizmi muhokama qilinib, Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” Germaniya tomoniga topshirildi. Ikki tomon mazkur hujjatni 2024 yilning birinchi yarmiga qadar imzolash borasida kelishib oldi.

Shuningdek, hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish bilan bir qatorda tomonlar quyidagi hamkorlikka kelishib olishdi. O‘zbekiston fuqarolari kelgusida Germaniyada ishlashi uchun sanoat, tibbiyot, axborot texnologiyalari, qurilish va nemis tili kurslarida maxsus o‘qitiladi.

Birinchi bosqichda Yevropa Ittifoqi qonunchiligi talablariga muvofiq yuk va yo‘lovchi tashish uchun haydovchilarni maqsadli tayyorlash bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshiriladi. Bunda Germaniya tomoni kadrlar tayyorlash standartlari, avtomaktablarni jihozlash mezonini o‘rganib, zarur moddiy-texnik bazani ta’minlashda yordam beradi.

Ikkinchi bosqichda O‘zbekistonda nemis tilini o‘qitish tizimini takomillashtirish uchun Germaniya tomoni o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning malakasini oshirish va o‘quv-uslubiy bazani shakllantirishda ko‘mak beradi.

Uchinchi bosqichda kasbiy ta’limning dual tizimi nemis modeli asosida ausbildung shaklida bosqichma-bosqich joriy qilinib, 2024 yilning boshidan tajriba loyihasi ko‘rinishida Toshkent va Samarqanddagi “Ishga marhamat” monomarkazlari negizida joriy etiladi.