Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) vakillari bilan uchrashuv

27.08.2021

26 avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazida Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) vakillari bilan “O’zbekiston hududlarida iqtisodiy islohotlar va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo'llab-quvvatlash” yangi mamlakat dasturi doirasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqadida uchrashuv bo’lib o’tdi.

Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi tomondan uchrashuvni markaz direktori va Mehnat vaziri maslahatchisi Y. Gorbunova olib bordi. Hamkor tashkilotni “O’zbekiston hududlarida iqtisodiy islohotlar va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo’llab-quvvatlash” dasturi rahbari B. Shorayt taqdim etdi.

Xorijlik vakillar tomonidan dasturning maqsad va vazifalari, uni amalga oshirishning asosiy yondashuvlari va vositalari, shuningdek, kutilayotgan natijalar va dastur ko’rsatkichlari haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda tomonlar dastur doirasida hamkorlikni yo’lga qo’yish uchun mavjud bo’lgan yo’nalishlarni ko’rib chiqdi. Xususan, o’qituvchilarni tayyorlashga xorijiy murabbiylarni jalb qilish, o’quv dasturlarini modernizatsiya qilish va Kasb-hunarga o’qitish markazlari, shuningdek, aholi bandligiga ko’maklashish markazlarini texnik jihozlashda ko’maklashish orqali “Ishga marhamat” Monomarkazining texnik imkoniyatlarini mustahkamlash bo’yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, yig’ilish ishtirokchilari respublika hududlarida yaratilishi rejalashtirilgan TUMO-Boxlarni amalga oshirishda qo’llab-quvvatlash imkoniyatlarini ko’rib chiqdi. Bundan tashqari, “Ishga marhamat” Monomarkazlarida ochiladigan “Ta’lim va konsalting idoralari” faoliyatiga nemis mutaxassislarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida mehmonlar Markazning kasbiy tayyorgarlikni rivojlantirish va mehnat organlari tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan loyihalarini qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.