Farg‘ona shahrida Ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazining tamal toshi qo‘yildi
Joriy yilning 24-iyul kuni Farg‘ona shahrida Ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazining tamal toshini qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon, KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Son Song Il hamda shahar faollari va aholi vakillari ishtirok etdi.
Farg‘ona shahar Kasb-hunarga o‘qitish markazini tashkil etish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-apreldagi 199-son Qarori hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha 2018-2022-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, markazda bir vaqtning o‘zida 240 nafar o‘quvchi axborot texnologiyalari, elektr va elektronika, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik, kosmetologiya singari besh yo‘nalish bo‘yicha kasbiy ta'lim olish imkoniga ega bo‘ladi.
Marosim avvalida E.Muxitdinov ta'lim tizimini isloh qilish borasida O‘zbekiston Respublikasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Koreya xalqaro hamkorlik agentligiga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan bu kabi loyihalari kasbiy ta'lim sifatini oshirishga yordam berishini ta'kidlab o‘tdi.
O‘z navbatida, Koreya elchisi Kan Chje Kvon KOICA rivojlanish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan o‘zaro hamkorlik loyihalari ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlovchi muhim omil bo‘lib qolishini qayd etdi.
Farg‘ona shahar Kasb-hunarga o‘qitish markazi bu yo‘nalishda KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan to‘rtinchi loyiha hisoblanadi. Bugungi kunda Toshkent (2012), Shahrisabz (2016), Samarqand (2018) shaharlarida bu kabi kasb-hunarga o‘qitish markazlari faol ishlab kelmoqda. Ularda bugungi kungacha jami 8000 nafar o‘quvchi turli yo‘nalishlar bo‘yicha kasblarni egallashdi.