“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2022 yilgi 2-stipendiya tanlovini e’lon qiladi!

24.04.2022

Mamlakatimizning innovasion salohiyatini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan, kreativ fikrlaydigan yoshlar, iste’dodli professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, pedagoglar va iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislari diqqatiga!

“El-yurt umidi” jamg‘armasi ilg‘or xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish uchun 2022 yilgi 2-stipendiya tanlovini e’lon qiladi!

“Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi”da “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 baravarga oshirish vazifasi belgilangan.

Shu bois, “El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi uchun eng ustuvor sohalar, jumladan:

- kosmik texnologiyalar, nanotexnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sun’iy intellekt sohalari;

- atom va quyosh energetikasi hamda energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishning boshqa innovasion yo‘nalishlari;

- sog‘liqni saqlash, farmasevtika, telemedisina, virusologiya, mikrobiologiya, immunologiya sohalari;

- elektroenergetika, neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, metallurgiya sohasining ustuvor tarmoqlari;

- mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, to‘qimachilik va mahsulotlarni standartlashtirish yo‘nalishlari; tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi agrar sohaning muhim tarmoqlari va boshqa mutaxassisliklar uchun 306 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq stipendiya tanlovlarini e’lon qiladi!

“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2022-2023 o‘quv yili uchun eng nufuzli xorijiy davlatlarda:

* bakalavriat ta’lim dasturi uchun 51 o‘rin,

* magistratura ta’lim dasturi uchun 145 o‘rin,

* doktorantura ta’lim dasturi uchun 110 o‘rin stipendiyalar ajratishini ma’lum qiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-son Farmoniga asosan xotin-qizlarni xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha 50 o‘rin, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha 10 o‘rin jami 60 ta qo‘shimcha o‘rinlar ajratiladi.

Barcha ta’lim dasturlari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan yoshlarimizga alohida e’tibor qaratiladi.

Agar siz yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, mamlakat iqtisodiyoti va ilm-faniga innovasion g‘oyalar va texnologiyalar olib kirish hamda uni raqamli asosda qayta shakllantirish asnosida rivojlantirishni o‘z oldingizga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsangiz – bu imkoniyat aynan siz uchun!

Nomzodlarning hujjatlari 2022 yil 15 apreldan – 15 mayga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi.

Saralash bosqichlari 2022 yil 15 maydan – 15 iyunga qadar davom etadi.

Saralash tanloviga oid barcha ma’lumotlar “El-yurt umidi” jamg‘armasining www.eyuf.uz sayti orqali batafsil e’lon qilib boriladi.

Nomzodlar uchun barcha zarur ma’lumotlar Jamg‘armaning Onlayn hujjat topshirish platformasida batafsil yoritib berilgan: http://admission.eyuf.uz

Bugungi kunda 300 nafardan ortiq stipendiatlarimiz AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli ta’lim va tadqiqot, innovasiya va amaliyot maskanlarida ta’lim olmoqdalar. Siz ham shunday imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!!!

“El-yurt umidi” jamg‘armasi yurtimizning umidi, ishonchi va tayanchi bo‘lgan siz yoshlarni kutib qoladi!!!