Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2021-yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida  H I S O B O T

21.01.2022

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashda, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilishda, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslikda va unga to‘liq barham berishda, mehnat munosabatlari doirasida xodimlar va ish beruvchilarga maslahat va uslubiy yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 9-moddasiga ko‘ra, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini tekshirish va nazorat qilishni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning hududiy organlari hamda kasaba uyushmalari amalga oshiradi.

Bugungi kunda Respublika bo‘yicha inspektorlar soni 344 kishini tashkil etib, 52 tasi markaziy apparat va hududiy inspeksiya boshliqlari hamda o‘rinbosarlarini, 92 nafari hududlarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari 200 nafari tuman (shahar) huquq inspektorlarini tashkil etadi.

Murojaatlar: Davlat mehnat inspeksiyasiga 2021-yil davomida mehnat munosabatlariga oid jami 24 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan, 14 455 tasi qanoatlantirilgan, 8 784 tasiga tushuntirish berilgan. Shuningdek, 16 105 ta tashkilot va korxonalarda o‘rganishlar o‘tkazilgan va mehnat sohasiga oid 11 963 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qonunbuzilishi holatlarni bartaraf etish maqsadida ish beruvchilarga 1000 ta yozma ko‘rsatma hamda 2 169 ta taqdimnoma kiritilib, 11 141 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 20 mlrddan ortiq ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Qonunbuzilishlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda:

  • 11 216 ta holatda xalq ta’limi tizimidagi tashkilot va umumta’lim maktablarida;
  • maktabgacha ta’lim muassasalarida 7 613 ta;
  • tibbiyot muassasalarida 3 788 ta;
  • 2 912 ta holatda qurilish sohasida;
  • 891 ta holatda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida;
  • 1033 ta holatda sanoat korxonalarida;
  • 572 ta holatda transport sohasida;
  • 268 ta holatda savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarida mansabdor shaxslar tomonidan xodimlarning huquqlari buzilgan.

Tekshirishlar: 2021-yilda mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan 27471 ta (2020-yilda – 19226 ta) tekshirish va o‘rganishlar o‘tkazildi. Tekshirishlarning umumiy sonidan 3054 tasi rejali tartibda, 24417 tasi fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan tekshirishlar va o‘rganishlarda 52530 ta (2020-yilda – 40081 ta qonun buzilish holatlari) mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonun talablari buzilganligi aniqlandi, qonun buzilish holatlarining eng katta ulushi –

  • ish haqini to‘lamaslik bo‘yicha – 12,31 %;
  • mehnat shartnomalarni rasmiylashtirish bo‘yicha – 6,18 %;
  • mehnat ta’tillar bo‘yicha – 4,89 %;
  • ishdan noqonuniy bo‘shatish – 4,19%;
  • bo‘sh ish o‘rinlarni yashirish – 10,05%;
  • xodimlarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha – 3,52 %;
  • mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘qitish – 15,66 %;
  • mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha xodimlarni yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish bo‘yicha – 16,0%;
  • mehnat sharoitlari bo‘yicha ish joylarida attestatsiya o‘tkazish – 4,1 %;
  • xodimlarni shaxsiy va jamoaviy himoya vositalar bilan ta’minlash – 5,28 %;
  • ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish, rasmiylashtirish bo‘yicha – 4,3 %;
  • ish va dam olish vaqtiga rioya etmaslik – 1,27 % va boshqa masalalar bo‘yicha – 12,25 % tashkil qildi.

Targ‘ibotlar: Mehnat qonunchiligi sohasida hamda xalqaro normalar va milliy qonunchilik bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 38 002 ta shundan, fermer xo‘jaliklari va klasterlarda 10 732 ta, ta’lim muassasalarida 7 080 ta sog‘liqni saqlash tizimida 2 653 ta, mahallalarda 7 299 ta, boshqa tashkilotlarda va aholi o‘rtasida 10 238 ta seminar-treninglar va davra suhbatlari o‘tkazilib unda 642 368 nafar fuqarolar ishtirok etdi.

Ommaviy axborot vositalarida, televedeniya va radiokanallarda 3 252 marta chiqishlar tashkillashtirildi. Bundan tashqari, barcha tuman (shahar)lardagi aholi gavjum joylarda majburiy mehnatni oldini olish borasida tayyorlangan «Har bir mehnat ixtiyoriy, majburiy mehnatga yo‘q deyish sizning huquqingizdir» shiori ostida 800 dan ortiq bannerlar o‘rnatilib, 800 mingdan ortiq flayerlar tarqatildi.

O‘quv seminarlar: Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura Akademiyasi bilan hamkorlikda inspektorlar tomonidan bayonnomalar rasmiylashtirish, hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘tkazish tartibi bo‘yicha o‘quv seminarlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Davlat mehnat inspeksiyasi boshliqlari uchun vazirlikning malaka oshirish kurslarida dastur asosida o‘quv seminarlari o‘tkazilib, shu bilan birga Respublika bo‘ylab reja asosida onlayn o‘quv-seminarlar tashkil qilinib, 215 nafar inspektorlarning malakasi oshirildi.

Legallashtirish: 2021-yilda Respublikada ish beruvchilar tomonidan mehnat qonunchiligi talablarini buzgan holda avval rasmiylashtirilmagan 342 564 ta (2020 yilda – 621 119 ta) mehnat shartnomalarni qonuniy rasmilashtirishga erishildi. Shuningdek, legallashtirilishi oqibatida fuqarolarning mehnat huquqlari tiklandi, ularga mehnat daftarchalari rasmiylashtirilib, ish stajlariga qo‘shildi.

Vakansiya, kvota: 2021-yil davomida 3 487 ta korxonada o‘rganish o‘tkazilgan bo‘lib, 3 258 ta bo‘sh ish o‘rinlarini (vakant lavozimlarni) va 1 063 ta bo‘shatilishi mo‘ljallanayotgan xodimlar to‘g‘risidagi axborotni mahalliy mehnat organiga taqdim qilmaganligi ma’lum bo‘lgan. O‘rganish jarayonida, 2 167 ta korxona tomonidan 3 222 ta bo‘sh ish o‘rinlari yashirilganligi aniqlanib, mansabdor shaxslarga nisbatan 1 574 ta Yozma ko‘rsatma, 101 ta Taqdimnoma va 3 348 ta ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Majburiy mehnat: Paxta mavsumida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid 146 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, call markaz orqali – 54 ta, veb sayt orqali – 15 ta, ijtimoiy tarmoq orqali – 24 ta, hamda 35 ta yozma murojaatlar kelib tushgan. Shuningdek, 13 mingdan ortiq monitoringlar o‘tkazilgan bo‘lib, monitoringlar davomida 65 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi.

Jumladan, 5 nafar mansabdor shaxslar majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi, 21 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 25 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 14 ta holatda terim pullarining o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 48 ta holat yuzasidan yozma ko‘rsatma kiritildi.

Baxtsiz hodisalar: O‘tkazilgan tekshirishlar davomida 19967 ta mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchiligi buzilishi aniqlangan (2020-yilda – 11621 ta) bo‘lib, 1970 nafar aybdor shaxsga jami 3340 mln.so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.

Shuningdek, ishlab chiqarish bilan bog‘liq 810 ta bulardan 54 ta guruhiy baxtsiz hodisalar, 558 tasi oqibati og‘ir baxtsiz hodisalar va 198 tasi oqibati o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalardir. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar natijasida 907 kishi jarohatlangan, ulardan 238 nafari halok bo‘lgan, 632 nafari og‘ir tan jarohatini olgan va 37 nafari – yengil turdagi jarohatlar olgan bo‘lib, baxtsiz hodisalarni tekshirish natijalari bo‘yicha 596 nafar aybdor mansabdor shaxslar jami 1380,9 mln.so‘m jarima qo‘llash tartibi bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilgan va 199 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shu bilan birga, 2021-yil davomida korxona va tashkilotlarning 6573 nafar xodimlari mehnatni muhofaza qilish sohasida qayta tayorlash va malakasini oshirishdan o‘tkazildi.

Sud tartibida kiritilgan da’vo arizalar: Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud organlariga 1 338 ta da’vo arizalar kiritilgan bo‘lib, 269 tasi ishga tiklash yuzasidan, 65 tasi ishga qabul qilish majburiyatini yuklash bo‘yicha, 931 tasi ish haqi va boshqa to‘lovlarni undirish yuzasidan, 73 tasi tovon pulini undirish haqida sudlarga kiritilgan bo‘lib, da’vo arizalarining 976 tasi qanoatlantirilgan bo‘lib, jami 7 mlrddan ortiq ish haqlari va boshqa to‘lovlar o‘ndirib berildi.

  Izoh: Mazkur ma’lumot Xalqaro mehnat tashkilotining 81-son “Sanoat va savdodagi mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi va 129-son “Qishloq xo‘jaligidagi mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi konvensiyalari talablariga muvofiq e’lon qilinmoqda.