DAVLAT MEHNAT INSPEKSIYASINING MAJBURIY MEHNAT BO‘YICHA MONITORINGLARI DAVOM ETADI!
Habaringiz bor, 2020 yilgi paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlarining Davlat mehnat inspeksiyasi tajribali xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhlar tomonidan monitoring va o‘rganishlar davom etmoqda.
2020 yilning 10 oktyabr holatiga respublikaning 138 dan ortiq hududlarida 726 dan ziyod monitoringlar hamda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan 60 dan ortiq habarlar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Monitoring jarayonida majburiy mehnatdan aziyat chekkan 652 dan ortiq fuqarolar aniqlanib, 18 ta mansabdor shaxsga nisbatan majburiy mehnatga jalb qilganligi uchun 205 mln 160 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Xususan, Surxondaryo viloyati Boysun tumani hamda Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshliqlari 30 dan ortiq xodimlarini paxta yig‘im-terimiga majburiy ravishda jalb qilinganligi yuzasidan ma’muriy jarimaga tortildi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati Sarosiyo tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri va Jarqo‘rg‘on tumani “Xalq banki” rahbarlari ham majburiy mehnatga yo‘l qo‘yib berganligi uchun qonuniy javobgarlik va jazodan chetda qolmadi.
Shu bilan bir qatorda, respublikaning barcha tuman (shahar)larida band bo‘lmagan aholini terimga jalb qilish bo‘yicha olib borilgan ishlar, terimchilar uchun yaratilgan munosib mehnat hamda dam olish sharoitlari, terim pullarining o‘z vaqtida va belgilangan me’yoriy summada berilayotganligi o‘rganilganda, 72 ta holatda mansabdor shaxslarga nisbatan munosib mehnat sharoitlari yaratilmaganligi uchun ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Raqamlarni viloyatlar kesimida olib qaraydigan bo‘lsak, Toshkent viloyatida 19 ta, Xorazm viloyatida 12 ta, Buxoro viloyatida 6 ta, Namangan viloyatida 8 ta va Surxonadaryo viloyatida 7 ta fermer xo‘jaligi rahbarlari munosib mehnat sharoitlarini yaratmaganligi, terimchilar bilan mehnat shartnomalari tuzmaganligi va paxta terimi pullarini o‘z vaqtida bermaganligi uchun ma’muriy jarimaga tortildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, o‘rganish natijalaridan norozi bo‘lgan mansabdor shaxslarning ma’muriy ish hujjatlari qonunchilikka muvofiq tegishli chora ko‘rish maqsadida ma’muriy sudlarga taqdim etilmoqda.
Xususan, Xorazm viloyatida 4 ta holatda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta holatda, Namangan viloyatida 4 ta holatda mehnat qonunbuzilishlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli ma’muriy sudlarga taqdim etildi.
Shuningdek, fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash maqsadida aniqlangan mehnat qonunbuzilishlari yuzasidan Surxondaryo viloyatida joylashgan 4 ta fermer xo‘jaligi va klasteriga, Jizzax viloyatida joylashgan 4 ta davlat tashkilotlariga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan 1 ta fermer xo‘jaligiga yozma ko‘rsatmalar berildi, majburiy mehnat holatlarini oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyati Favqulotda vaziyatlar boshqarmasiga 1 ta taqdimnoma kiritildi.
Bugungi kunga qadar Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 165 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, call markaz orqali - 88 ta, web sayt orqali - 9 ta, ijtimoiy tarmoq orqali- 68 ta yetib kelgan.
Kelib tushayotgan murojaatlarning eng ko‘pi Qashqadaryo viloyatida 24 ta Toshkent viloyatida 20 ta, Namangan viloyatida 23 ta, Jizzax viloyatida 17 ta va boshqa hududlarga to‘g‘ri keladi.
Murojaatlarning mazmuniga ko‘ra 21 ta holatda mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan fuqarolar, 13 ta holatda bank xodimlari va 7 ta holatda kommunal soha xodimlari majburiy mehnatga jalb qilinayotganligi to‘g‘risida xabar qilingan. Joylarda fuqarolar, korxona tashkilot va muassasalar xodimlari tomonidan ushbu yo‘nalishda tushayotgan murojaatlar, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan xabarlarda keltirilgan holatlar zudlik bilan o‘rganilmoqda.
Majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lsangiz Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, 71-200-06-00 Ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qiling va o‘zingizning buzilgan mehnat huquqlaringizni tiklang. Eslatib o‘tamiz, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuning 19-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxsning iltimosiga ko‘ra uning shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kafolatlanadi.
Majburiy mehnatga qarshi kurash davom etmoqda!