“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuradi

27.01.2020

Joriy yilning 27-yanvar – 6-fevral kunlari “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining yurtimizga tashrifi rejalashtirilgan. Tashrif davomida xalqaro koalitsiya vakillari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda qator tashkilot va idora rahbarlari bilan uchrashadi. Bu qanday tashkilot va uning bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun nima sababdan muhim?

Cotton Campaign – bu mehnat va huquqni muhofaza qiluvchi, investor va biznes-tashkilotlarining xalqaro koalitsiyasi bo‘lib, uning maqsadi paxta yetishtirish jarayonini bolalar mehnati hamda majburiy mehnatdan butkul xoli etishdir.

Koalitsiya O‘zbekiston hamda Turkmaniston davlatlarining paxta mahsulotlarini jahonga mashhur tekstil va tayyor kiyim ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan boykot qilinishi tashabbuskoridir.

“Cotton Campaign” koalitsiyasi tarkibiga dunyoga mashhur (Nike, Zara, GAP, Levi’s, H&M, UNIQLO va h.k.) ishlab chiqaruvchilar vakillari, riteyler hamda kasaba uyushmalari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, AQSh moda sanoati assotsiatsiyasi, AQSh mehnat federatsiyasi hamda qator boshqa tashkilotlar kiradi.

Yurtimizga tashrif davomida koalitsiya vakillarining O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganib chiqishi rejalashtirilgan.

2019-yilda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga chek qo‘yish maqsadida tizimli ishlar olib borildi. Aybdorlar, ayniqsa mansabdor shaxslarga qat'iy jazo choralari ko‘rildi.

Birgina 2019-yil misolida olib qaraydigan bo‘lsak, aynan paxta terimi mavsumida bir qancha mansabdor shaxslar majburiy mehnatga jalb qilish va terimchilarga mehnat sharoitlarini yaratmaganlik uchun jarimaga tortilgan. Ularning qatorida 3 nafar tuman hokimi, 15 nafar tuman hokimi o‘rinbosarlari, shuningdek, respublikaning barcha hududlarda tuman moliya, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, irrigatsiya, tibbiyot, kadastr bo‘limlari, bank idoralari, Suvoqava DUK, Obodonlashtirish boshqarmalari, “Yoshlar ittifoqi” Kengashi, fermer xo‘jaliklari rahbarlari bor.  Bundan tashqari yo‘l qo‘ygan kamchiliklari sabab 2 nafar tuman hokimi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Umuman olganda, 2019 -yil davomida Bandlik va mehnat munosabatlari Davlat mehnat inspeksiyasining murojaat kanallari (1176 qisqa raqamli ishonch telefoni, “www.dmi.mehnat.uz” sayti, @mehnathuquqbot telegram boti)ga majburiy mehnat bilan bog‘liq 1282 ta xabar kelib tushgan. O‘rganishlar ularning 259 tasida haqiqatan ham fuqarolar majburiy mehnatga jalb etilganini, shuning 118 tasi paxta terimi mavsumida ro‘y berganini aniqladi. Aybdorlar javobgarlikka tortilib, ularga 772  million so‘m miqdorida jarimalar tayinlangan.

Shuningdek, 2019-yil paxta yig‘im-terimi vaqtida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2979 marotaba monitoring o‘tkazilgan. Natijalar esa 3060 nafar fuqaroning majburiy mehnatga jalb etilganini ko‘rsatdi. Aybdorlar qonunda ko‘rsatilgan tarzda javobgarlikka tortilgan.

Shu bilan birga, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatning oldini olish va unga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Respublika va viloyat tashkilotlari rahbarlari nomiga jami 225 ta yozma ko‘rsatma, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va barcha viloyat hokimlari nomiga 13 ta ogohlantirish hamda 80 ta vazirlik va idoralarga taqdimnomalar kiritildi.

Mazkur jarayonlarning shaffofligini ta'minlash maqsadida paxta mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning “Uchinchi tomon monitoringi” mutaxassislari va huquq himoyachilari bilan majburiy mehnat holatlarini o‘rganish va monitoring qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. 2019-yilning oktyabr oyida bir guruh huquq himoyachilari Sirdaryo viloyatida bo‘lib, tumanlarda namunali tarzda tashkil etilgan “Hasharchilar shaharchalari”dagi holat bilan yaqindan tanishdi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, paxta yig‘im terimiga 21 ming ishsiz fuqaro mavsumiy ishga jalb qilindi.

O‘zbekistonda majburiy mehnatga to‘liq barham berish 2019 yil uchun  ustuvor vazifalardan etib belgilangandi. Aynan shu sabab yil davomida ayni yo‘nalishda yangi mexanizm va tizim asosida ishlar olib borildi. Mazkur faoliyat endilikda ham davom etadi.