Cheklangan imkoniyat bu — to'siq emas...
Nogironligi bo‘lgan yoshlar bandligiga ko'maklashish, ularni kasb-hunarga o‘qitish, bu borada mamlakatda joriy qilingan turli imtiyoz va preferensiyalardan maqsadli foydalanish orqali ularni sog‘lom insonlar qatorida jamiyatda yakkalanib qolishini oldini olgan holda hamma bilan teng sharoitda ishlash va yashash imkoniyatini yaratish borasida Vazirlik bir qator amaliy ishlarga bosh-qosh bo'lib kelmoqda. Jumladan hududlarda nogironligi bo‘lgan yoshlar bandligiga ko'maklashish uchun issiqxona, parranda va chorva xo'jaligi tashkil etish uchun subsidiya olishiga ko'maklashilmoqda.
Gohida toʻrt muchasi sogʻlom insonlarning pul yoʻqligidan noliganiga guvoh boʻlamiz. Uyda tinchligi, roʻzgʻorida barakasi boʻlmay, hayotidan norizo doimo hasrat bilan yuradi.
Andijonlik Gulmira Fozilova imkoniyati cheklanganligiga qaramay, mehnat qilishga intiladi. Mahalla “beshligi” koʻmagi bilan ajratilgan subsidiya asosida qurib berilgan issiqxonada mehr bilan nihol qadaydi, parvarish qiladi. Yaxshigina daromad topib, oilasiga qarashadi.
Bu yilgi daromadidan orttirganiga yaqinda qoramol ham sotib olibdi:
– Mehnat qilsangiz bahri-dilingiz yayraydi, qiyin joyi yoʻq buni.., – deydi Gulmira samimiylik bilan.
Darhaqiqat, mehnat – inson hayotiga maʼno va mazmun, umriga baraka beradi.