Markaziy Osiyo ekspertlari ma’lumotlardan foydalanish orqali davlat siyosati samaradorligini oshirish choralarini muhokama qilishmoqda

25.05.2022


Jahon banki O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, shuningdek Moliya vazirligi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv” mavzusida ikki kunlik yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazmoqda.

 

Tadbir Buyuk Britaniya Hamdo‘stlik va xalqaro rivojlanish masalalari bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko‘magi bilan tashkil etilgan[1]. Konferensiya ishida Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan ekspertlar qatnashmoqda. Tadbir ishtirokchilari turli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda zamonaviy ma’lumot tizimlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tajribani o‘rganishadi.

 

Konferensiya doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarida “Iqtisodiy taraqqiyot uchun samarali boshqaruv” (Effective Governance for Economic Development (EGED)) nomli yangi dasturga rasman start beriladi. Dastur Jahon banki va ACTED xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirilmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad – Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekiston mamlakatlari iqtisodiy siyosatining shaffofligi va samaradorligini oshirishdir. Dastur doirasida yuqorida qayd etilgan davlatlar hukumatlariga sifatli ma’lumotlarni olish, ulardan davlat siyosatini ishlab chiqish va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda foydalanish, idoralararo koordinatsiya hamda fuqarolarni tinglash mexanizmlarini takomillashtirish masalalarida ko‘mak beriladi.

 

“Buyuk Britaniya davlat siyosatini dalillar asosida ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash uchun hamkor mamlakatlar – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari bilan birgalikda EGED dasturiga start berdi. Biz ushbu jarayonning samarali bo‘lishi uchun statistik ma’lumotlar va ilmiy dalillardan foydalanish kerakligiga ishonamiz”, – deya qayd etdi Buyuk Britaniyaning Hamdo‘stlik va xalqaro rivojlanish masalalari bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyoda rivojlanish bo‘yicha direktori Mirza Jahoniy. “Ushbu konferensiya doirasida mintaqadagi mamlakatlar hukumatlari va fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat hamkorlarni yig‘a olganligimizdan mamnunmiz. Ishtirokchilar tajribalar bilan almashishlari va kelgusi chora-tadbirlarni, shu jumladan, Buyuk Britaniyaning yangi Xalqaro taraqqiyot strategiyasi qabul qilingani natijasida EGED dasturi doirasidagi faoliyatni kengaytirish masalalarini muhokama qilib olishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu hujjat davlat organlarida insitutsional yetakchilik masalalariga alohida e’tibor qaratadi”.

 

O‘zbekistonda EGED dasturi mehnat bozorini isloh qilish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha samarali siyosatni ishlab chiqishda, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun tabiiy resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish hamda davlat korxonalarini restrukturizatsiya qilishda yordam beradi. Shuningdek, dastur shaharlarni rivojlantirish va davlat xaridlari sohalarini isloh qilishda, mamlakatda norasmiy iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ma’lumotlardan foydalanishga ham ko‘mak beradi.

 

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan 150 dan ortiq ishtirokchilar qatnashmoqda. Ularning orasida davlat siyosati va dalillar asosida islohotlarni ishlab chiqish bo‘yicha ekspertlar, hukumatlar, fuqarolik jamiyati, tahliliy markazlar, ilmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari ham mavjud.

 

“2016-yildan boshlab O‘zbekistonda ma’lumotlar sifatining oshib borayotganligi va davlat siyosatini ishlab chiqishda ulardan keng miqyosda foydalanilayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Mamlakat hukumati tanlagan ochiqlik va shaffoflik siyosati natijasida yurtimizning statistika sohasidagi salohiyati yildan-yilga sezilarli darajada yaxshilanib bormoqda. Konferensiya davomida ushbu sohadagi tajribamiz bilan bo‘lishmoqchimiz va Markaziy Osiyodagi hamkasblarimizning tajribalarini o‘rganmoqchimiz”, – deya ta’kidladi o‘z nutqida bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov.

 

Konferensiya ishtirokchilari tegishli tadqiqotlar, ma’lumotlar va eksperimentlarning davlat boshqaruvini takomillashtira oladigan hamda uni Markaziy Osiyoda adolatli va inklyuziv o‘sishga erishishga yo‘naltira oladigan islohotlar siyosatining qudratli omili sifatidagi rolini tahlil qilishadi.

 

Shuningdek, ma’lumotlarni tayyorlash bo‘yicha salohiyatni rivojlantirish, shu jumladan milliy statistika organlari va mehnat bozorlari holatini tahlil qiluvchi tizimlarni jalb etgan holda,  masalalari ko‘rib chiqiladi.

 

Konferensiya ishtirokchilari turli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqishda ma’lumotlarni olish, tahlil qilish va ulardan foydalanish, ma’lumotlardan foydalanib, davlat siyosatini amalga oshirish hamda ushbu jarayonlarga fuqarolik jamiyatini jalb qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tajribani o‘rganadilar.

 

Konferensiya davomida ekspertlar rasmiylarning turli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqish jarayonidagi imkoniyatlarini kengaytirishda zamonaviy tahlil metodlari va vositalarining sezilarli o‘rni borligini namoyish qilishadi.

 

Jumladan, O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov aholi bandligi sohasida davlat siyosatini ishlab chiqishda ma’lumotlar tahlili va ulardan foydalanish bo‘yicha mamlakat tajribasi, shuningdek birinchi milliy bo‘sh ish o‘rinlari bazasi va yagona milliy mehnat tizimining joriy qilinganligi haqida taqdimot o‘tkazadi.

 

“2022-yilda Jahon banki va Markaziy Osiyo davlatlari ikkitomonlama hamkorlikning 30 yilligini nishonlashmoqda. Ushbu vaqt davomida mintaqada yashaydigan odamlarning farovonligini oshirish bizning hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi”, — dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova. “Biz ma’lumotlardan foydalanish sohasidagi salohiyatni rivojlantirish uchun rasmiylarga moliyaviy va tahliliy ko‘mak beryapmiz. Bu fuqarolar ehtiyojlari va manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi. Jahon banki milliy hamkorlarga ushbu yo‘nalishda muvaffaqiyatlarga erishishi uchun ko‘maklashishda, shu jumladan EGED dasturini amalga oshirish orqali, davom etadi”.

 

Konferensiya yakuniga ko‘ra qo‘shma deklaratsiya qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Hujjat loyihasi ishtirokchilarni quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishga undaydi:

 

- inklyuziv oʻsishni ta’minlash, kambagʻallikni qisqartirish, ozchilik guruhlar farovonligini ustuvor oʻringa qoʻyish va barcha jamiyat a’zolarining hayotini yaxshilash maqsadida imkoniyatlardan teng foydalanishni ta’minlash uchun kerakli ma’lumotlardan foydalanish;

 

- qarorlarni qabul qilish jarayoni shaffof va samaraliroq boʻlishi uchun ma’lumotlardan keng foydalanish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida hamkorlikni ragʻbatlantirish;

 

- ma’lumotlar sifatini takomillashtirish va ularni turli sohalardagi davlat siyosatlarini ishlab chiqish jarayoniga integratsiya qilishni qoʻllab-quvvatlash;

 

- davlat ma’lumotlarining avvalboshdan ochiq va jamoatchilik foydalanishi uchun erkin boʻlishini ta’minlash;

 

- jamoatchilikning davlat ma’lumotlaridan foydalanishini ragʻbatlantirish, jamoatchilikni qaror qabul qilishga jarayoniga jalb qilish va Markaziy Osiyo mamlakatlarida ushbu sohada jamoatchilik xabardorligini oshirib borish.

 

Batafsil ma’lumot konferensiya veb-sahifasida: http://wrld.bg/GJUK30sk5jW

 

[1] Konferensiya davomida bildirilgan fikrlar Buyuk Britaniya hukumatining rasmiy pozitsiyasini ifodalamasligi mumkin.