Buxoro viloyatida “Hokim, vazir va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

29.03.2021

Barchamizga ma’lumki, yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu amaliy ishlarning bir misoli sifatida bugun Buxoro viloyatida “Hokim, vazir va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov, viloyat hokimi B.Zaripov, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori A.Nazirov, Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Muxtorov, Qishloq qurilish bank boshqaruv raisi o‘rinbosari A.Atajanov hamda viloyat sektori, korxona, tashkilot va muassasalari rahbarlari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda 2020 yil davomida aholi bandligini ta’minlash, xususan, pandemiya davrida joriy etilgan yangi yo‘nalishlar hisobidan yoshlarning bandligiga ko‘maklashish borasida vazirlik va viloyat hokimligi tomonidan olib borilgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.

Tadbirda vazir N.Xusanov so‘zga chiqib, o‘tgan yil mobaynida Respublikaning barcha tuman va shaharlarida xotin-qizlar va yoshlar muammolari o‘rganilib, jumladan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bandligini ta’minlashda asosiy yo‘nalishlar
̶ mavjud bo‘sh va zaxiralangan (kvota) ish o‘rinlari;
- haq to‘lanadigan jamoat ishlari;
- bandlikning yangi instrumentlaridan foydalanish ya’ni, subsidiyalar ajratish hisobiga yoshlar bandligini ta’minlash;
- ish bilan band bo‘lmagan aholini, ayniqsa yoshlarni kasb-hunarga, tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish;
- vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan yoshlar ijtimoiy himoyaga olinib, ishsizlik nafaqasi bilan ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlar ishlab chiqilganligini ta’kidladi.



Bundan tashqari, uchrashuv so'ngida yoshlar bilan ochiq muloqot tarzida suhbat o'tkazilib, ularning muammo va takliflari o'rganildi, shu bilan bir qatorda 2021 yilda ham yoshlar uchun bir qator amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.