Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuniga bag'ishlangan onlayn seminar o'tkazildi
Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida 28 aprel Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Inqirozni oldindan ko‘rish va unga tayyor bo‘lish – hozirning o‘zida mehnat muhofazasi tizimiga investitsiya qilish” mavzusida onlayn seminar o‘tkazildi.
Unda vazirlik va idoralar, yirik ishlab chiqarish korxonalari, qurilish-pudrat tashkilotlari va hamkor tashkilotlar vakillari, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari hamda Davlat mehnat inspeksiyasi va O‘zbekiston kasabalar uyushmalari Federatsiyasi inspeksiyasi inspektorlari ya’ni 196 ta tashkilot va idoralarning 300 dan ortiq xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda “O‘zbekiston Respublikasida mehnatni muhofaza qilish sohasining muammolari va istiqboli”, ISO 45001:2018 “Sog‘liqni saqlash va mehnat xavfsizligi menejment tizimi” xalqaro standartining korxonalardagi o‘rni va mohiyati, uning talablari, dolzarbligi, “O‘zbekistonda mehnatni muhofaza qilish tizimini boshqarishni sertifikatlash tartibi” to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.