Budjetdan ajratilgan mablagʻ maqsadli ishlatilishi kerak!

21.02.2024

Ta’kidlanganidek, tizim tashkilotlari tomonidan budjet mablag‘larini samarasiz ishlatish bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘yish holatlari aniqlangan. Yig‘ilishda bu borada aniq misollar keltirilib, Maqsadli jamg‘armalar rahbarlari qattiq ogohlantirildi. Masalan, jamg‘armalardan xorijga ishlashga ketuvchilar uchun ajratiladigan subsidiyalar soxta hujjatlar bilan boshqa shaxslarga yo‘naltirilgan holatlar aniqlangan. Tizimda shu va shunga o‘xshash bir qator qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan.

Ayni omillardan kelib chiqib, barcha tizim tashkilotlari joriy yilda halol va vijdonan ishlashi, asosiy maqsadi xalqimiz uchun munosib xizmat qilish ekanligi eslatib o‘tildi.

Shundan kelib chiqib, joriy yilning 12-fevralida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan imzolangan Qo‘shma qaror ijrosi so‘zsiz ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yigʻilish davomida Kasbga o‘qitish markazlari faoliyatini jonlantirish, ish beruvchilar va kasbga o‘rgatuvchilar o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yaxshilash hamda "Ishga marhamat" monomarkazlari bitiruvchilarining hisobini yuritib borish, ularning ishga joylashishi bilan bogʻliq holatlarni ham nazardan qochirmaslik, har tomonlama koʻmaklashish kerakligi ta’kidlandi.

Qolaversa, yig‘ilishda ish qidirib yurgan aholi vakillarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan, yaxshi maoshli, zamonaviy va istiqbolli kasblarga interfaol uslubda o‘qitish va kasbga yo‘naltirish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yuklatildi.