Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

12.03.2021

Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov, vazirning birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi boshqarma boshlig‘i A.Ribakov ishtirok etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy asosda tanlab olish va ishga joylashtirish mexanizmini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, mazkur sohada Rossiyaning migratsion markazlari vakolatxonalari ochilgan bo‘lib, ular tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga Rossiya hududida ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, uchrashuv davomida bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Rossiya standartlariga muvofiq kasb-hunarga va rus tiliga o‘qitish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish alohida ta’kidlandi.

Bundan tashqari, vazir N. Xusanov Rossiya Federatsiyasida joriy etilgan “Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyotiga xorijiy fuqarolarni jalb qilish bo‘yicha harakatlar algoritmi”ni ishga tushirish istiqbollarini o‘rganish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Mehnat va bandlik bo‘yicha federal xizmati, Qurilish vazirligi va yirik ish beruvchilar delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish taklifini kiritdi.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar va takliflarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.