Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Germaniyaning “Mangold Consulting Gmbh” kompaniyasi o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi

23.02.2021

Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari Erkin Muxitdinov boshchiligidagi ishchi guruh hamda kompaniya raisi, professor Klaus Mangold va boshqaruvchi direktor, doktor Kristof Mangold ishtirok etdi.

Suhbat avvalida Klaus Mangold mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, xalqaro hamjamiyat va Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning rivojlanayotgan O'zbekistonga qiziqishi tez sur'atlar bilan o'sib borayotganini va Germaniya ham bundan mustasno emasligini aytib o‘tdi.

Tadbirda E.Muxitdinov vazirlik va Germaniya o'rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi darajaga ko'tarilganligini, bunga misol sifatida ijtimoiy soha, xususan, mutaxassislarni tayyorlash orqali ishsizlikni kamaytirish va bandlikni ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Germaniya taraqqiyot banki (KfW) bilan yaqin aloqalar o'rnatilayotganligini ta'kidladi.

Shuningdek, tadbir davomida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tashqi mehnat migratsiyasi va kasb-hunarga o'qitish sohalarini rivojlantirish, bundan tashqari majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari xususida ham so’z yuritildi.

Ta’kidlash joizki, bunday uchrashuvlar kelgusida O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

(Ma'lumot o'rnida aytish lozimki, 2019 yil oktyabr oyida "Mangold Consulting" rahbari bilan uchrashuv bo'lib o‘tgan, biroq COVID-2019 pandemiyasi tufayli bu hamkorlik vaqtincha to'xtatilgan edi).