Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, RUDN va “World Skills Russia” o‘rtasida memorandum imzolandi

21.09.2020

Rossiya Federasiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida mehnat migrasiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi vakillaridan iborat delegasiya a’zolarining Rossiyaga tashrif buyurgani haqida xabar qilingan edi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) hamda “World Skills Russia” (Rossiyaning yosh mutaxassislari) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama Memorandum imzolandi.

Ushbu kelishuv Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Qozon va Novosibirsk shaharlarida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini rus tili va kasbga o‘qitishni ko‘zda tutadi.

Unda fuqarolar qurilish, xizmat ko‘rsatish, transport va logistika, texnika va texnologiyalar, ishlab chiqarish, avtomobilsozlik sohalarida 25 ta kasb bo‘yicha o‘qitiladi.

Ta’kidlash joiz, yurtdoshlarimizning rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida RUDNning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Unda Rossiya Federasiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi O‘zbekiston fuqarolariga patent olish uchun talab etiladigan rus tili bo‘yicha imtihon topshirishga tayyorgarlik ko‘rish, tayyorlanish mobaynida bepul maslahatlarni olish imkoniyati taqdim etiladi.