Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi eslatib o‘tadi

23.02.2021

Hurmatli ish beruvchilar va fuqarolar! Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Sizlarni kirib kelayotgan bahor ayyomi bilan tabriklaydi. Bahor fasli kirib kelishi munosabati bilan mahallalar, aholi turar joylari hamda ish joylarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida hashar tadbirlarini tashkillashtirish ommalashadi.
Shu munosabat bilan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ish beruvchi hamda fuqarolarimizga umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish tartibini yana bir bor tushuntirib o‘tishni joiz deb biladi.
Hasharlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-son qarorida belgilangan tartibga rioya qilgan holda tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

Umumxalq xashari quyidagi tartibda o‘tkazilganda, majburiy mehnat deb hisoblanmaydi:

✅ faqat ixtiyoriy tarzda;

✅ Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjati bo‘lganda;

✅ xodim ishlaydigan tashkilot hududida;

✅ mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga rioya qilgan holda;

✅ obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga keltirish maqsadida;

✅ fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faqat tegishli mahalla hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, bolalar va sport maydonlarini jihozlash, moddiy-madaniy meros ob’yektlarini zarur holatda saqlash, qabristonlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda zarur holatda saqlash ishlarida aholining ixtiyoriy ishtirok etishini tashkil etadi.

Quyidagi hududlarda ixtiyoriy ravishda ham hashar o‘tkazish taqiqlanadi:

❌ avtomobil yo‘llarida;

❌ harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalarda;

❌ suv ob’yektlarida;

❌ qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalarda;\

❌ qurilish maydonlarida;

❌ bino va inshootlar tomlarida;

❌ xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarida;

❌ insonlarning hayotiga va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi mumkin bo‘lgan joylarda.

Esda tuting!

Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-sonli hamda “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida”gi 105-sonli konvensiyalariga muvofiq, jamoat vakillari tomonidan o‘z ihtiyorlari bilan amalga oshiriladigan mayda jamoat ishlari majburiy mehnat deb hisoblanmaydi. Shu sababli, mahalla fuqarolari o‘zi yashab turgan mahallasi hududini obodonlashtirishi maqsadida o‘z xohishi bilan mayda jamoat ishlari bilan shug‘ullanishi mumkin.

Aziz vatandoshlar! Yuqoridagi umumxalq xasharlar o‘tkazish tartibiga rioya qilinmasdan tashkillashtirilgan xasharlarga duch kelganingizda Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, 71-200-06-00 Ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qilishingiz so‘raladi.