Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati xabar qiladi

18.07.2019

Hozirgi kunda ish beruvchi hamda xodim o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini professional tartibga solish hamda amaliyotda vujudga kelayotgan qonunbuzilishlarning oldini olib, qasddan sodir etilgan huquqbuzarliklarga tegishli choralar qo‘llash O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasining asosiy vazifalaridan biri bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qaroriga muvofiq Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan doimiy monitoring olib borilmoqda va aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tegishli ta'sir choralari ko‘rilishi ta'minlanmoqda.

Jumladan, joriy yilning 2-iyul kuni www.kun.uz axborot saytida e'lon qilingan “Namanganda o‘qituvchilar beton quyishdi. Har bir maktab uchun alohida joy ajratilgan” sarlavhali maqola ham belgilangan tartibda nazoratga olinib, joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Tekshirish davomida ma'lum bo‘lishicha, Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida joylashgan 54 ta maktab o‘qituvchilari Kosonsoy tumanidagi Namuna qishlog‘i yaqinidagi anhor bo‘yida olib borilgan qurilish-obodonlashtirish ishlariga jalb qilinib, tegishli tartibda ishlash uchun har bir maktab o‘qituvchilariga 10 metrdan hudud bo‘lib berilganligi hamda mazkur ishlarga majburiy ravishda jalb qilinganligi holatlari aniqlandi.

Shuningdek, tekshirish davomida 2019-yil 28-iyun kuni Kosonsoy tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Isomiddinov tomonidan 2019-yil 29-iyun kuni Kosonsoy tumanidagi Namuna qishlog‘i yaqinidagi anhor bo‘yida hashar ishlarini tashkillashtirish, tumandagi har bir maktab xodimlariga 10 metrdan joy ajratish hamda mazkur ishlarga maktab xodimlarini jalb qilish xaqida ko‘rsatma berilganligi aniqlandi.

Kosonsoy tuman hokimining o‘rinbosari M.Isomiddinov o‘z tushuntirishida 2019-yil 29-iyun kuni tumandagi Yashil xiyobon istirohat bog‘idagi obodonlashtirish ishlarida tuman maktablar xodimlari ishtirok etib, tuman obodonligiga o‘z hissalarini qo‘shganligini hamda kelgusida Kosonsoy tumanida xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilmasligini bayon qildi.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Namangan viloyati, Kosonsoy tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Isomiddinovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarori talablariga zid ravishda maktab xodimlarini qurilish ishlariga jalb qilganligi yuzasidan ma'muriy bayonnoma tuzildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 51-moddasida belgilangan majburiy mehnatga ma'muriy tartibda jalb qilganligi yuzasidan Kosonsoy tuman hokimining o‘rinbosari M.Isomiddinov ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Fuqarolar mehnat huquqlari buzilganligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining (71) 200-06-00 raqamli yagona ishonch telefoni yoki @mehnathuquqbot Telegram kanali orqali o‘z murojaatlarini yuborishlari mumkin.