“An’ana, urf-odat va qadriyat”

19.03.2021

Yurtimizda Navro‘z shodiyonasi hukm surmoqda. Yaratish va yangilanish ayyomida barcha shahar va tumanlarda, qishloq va ovullarda Navro‘z sayllari, uloq va ko‘pkari, sumalaklar, xalq o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. Yurtdoshlarimizda bayram kayfiyati allaqachon boshlangan.  

Sharqona Yangi yilimiz — Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ va barakali kelsin! Ayni Navro‘z ayyomida necha yuz yillik an’ana va qadriyatlarimizni yangitdan kashf etamiz, qanday buyuk tarix, qanday buyuk madaniyat vorislari ekanimizni yana bir bora anglaymiz.

Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Navro‘z bayrami munosabati bilan “An’ana, urf-odat va qadriyat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “Saodat” jurnali bosh muharriri, “Shuhrat” medali sohibasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,“Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi shoira Munavvara Usmonova, ko‘plab ko‘rik-tanlov va festivallar g‘olibi, milliy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi, folklor, etnografik “Durdona” xalq jamoasi mehmon sifatida ishtirok etdilar.

Dastlab vazirlik tizimida faol mehnat qilgan xodimlar va tizim tashkilotlarini Navro‘z bayrami munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unga ko‘ra, vazirlik tizimida faoliyat olib borayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari, tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari va tasarrufiy tashkilotlar hamda ularda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yilning dekabr oyida “Eng faol va namunaviy hududiy boshqarma”, “Eng faol va namunaviy ABKM”,  “Eng faol va namunaviy tasarrufiy tashkilot”, “Eng tashabbuskor xodim”, “Eng yaxshi ishga joylashtirish xodimi”, “Eng yaxshi jamoatchi xodim”, “Eng yaxshi kasb-hunarga o‘qitish markazi”, “Eng yaxshi kasbga qayta o‘qitish mutaxassisi”, “OAVlarida eng ko‘p intervyu bergan xodim”, “Eng yaxshi mehnat inspektori”, “Mehnat organida ko‘p yillik tajribaga ega xodim” va “Eng faol targ‘ibotchi xodim” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov g‘oliblari taqdirlandilar.

Shundan so‘ng, “Saodat” jurnali bosh muharriri, “Shuhrat” medali sohibasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Munavvara Usmonova Navro‘z bayrami, an’ana va qadriyatlar haqida so‘z yuritdi va dilbar she’rlaridan namunalar o‘qidi.

Navbatdagi mehmon “Durdona” xalq jamoasi ishtirokchilarining milliy lapar va qo‘shiqlari tadbir qatnashchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

  Navro‘z — yangi kun, yangi fasl demakdir. Jonajon O‘zbekistonimiz ham bugun o‘z milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Bu — erkinlik va ozodlikning yangi davri, bunyodkorlik va farovonlikning yangi, yuksak bosqichidir.

Vazirlik markaziy apparatida videokoferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbir joylarda yanada ko‘tarinki kayfiyatda davom etadi.