Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

28.07.2021

Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov va YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzoda ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Nozim Xusanov mehmonlarga vazirlikning aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta'minlash hamda qo'llab-quvvatlash sohasidagi joriy faoliyati to'g'risida ma'lumot berdi. Shuningdek, kasb-hunar ta'limi sohasidagi vazirlikning faoliyati to'g'risida taqdimot namoyish etildi. 

Uchrashuv davomida vazirlikning yoshlar o'rtasida so'rovnomalar, ijtimoiy tadqiqotlar o'tkazish va zarur bo'lgan ma'lumotlarni olish uchun "U-REPORT" platformasidan foydalanish imkoniyatlariga to'xtalib o'tildi.

Bundan tashqari birinchi qo'shma loyiha sifatida ijtimoiy va moliyaviy, shuningdek, bandlik va tadbirkorlik bo'yicha boshlang'ich ko'nikmalarni egallash bo'yicha qo'shma o'quv dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish taklif qilinib, bular barcha yo'nalishlar, shu jumladan "Ishga markamat" monomarkazining o'quv kurslariga kiritilishi aytib o'tildi.

Uchrashuv so’ngida tomonlar yosh avlod salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo'yicha qo'shma yo'l xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.