2022 yildagi paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga qarshi kurashish hamda munosib mehnat sharoitlari yaratilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida MA’LUMOT
2022 yildagi paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga qarshi kurashish hamda munosib mehnat sharoitlari yaratilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida
MA’LUMOT
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirdi. Paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada aholining xabardorligini oshirish, shuningdek, targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan bir qator ishlar olib borilmoqda.
Xususan, O‘zbekistonning barcha hududlarida majburiy mehnatning oldini olish borasida Jaxon banki bilan hamkorlikda, Har bir mehnat ixtiyoriy, majburiy mehnatga yo‘q deyish sizning huquqingizdir” shiori ostida 800 dan ortiq bannerlar o‘rnatilib, 400 mingdan ortiq flayerlar 50 ming dona bukletlar, 50 mingdan ziyod uslubiy qo‘llanmalar tarqatildi.
Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari, televideniya va radiokanalar orqali 2 374 marotaba chiqishlar tashkil etildi.
Shuni ta’kidlash joizki, joriy yilgi paxta mavsumidan oldin hududlarda ish beruvchilar, xususan, fermerlar va paxta to‘qimachilik klasterlari rahbarlarining majburiy mehnat bo‘yicha bilimlarini oshirish, mavsumiy ishga jalb qilinadigan ishchilarni yollashda mehnat qonunchiligiga amal qilish maqsadida Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlari ishtirokida seminarlar tashkillashtirildi.
Shuningdek, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada aholining xabardorligini oshirish maqsadida 7942ta targ‘ibot tadbirlari, shundan, fermer xo‘jaliklari va klasterlarda 3051 ta, ta’lim muassasalarida 1341 ta, sog‘liqni saqlash tizimida 554 ta, mahallalarda 1880 ta hamda boshqa tashkilotlar va aholi o‘rtasida 1116ta tushuntirish ishlari olib borilib, unda 512 400 nafar fuqarolar ishtirok etdi.
2022 yilgi paxta yig‘im-terimi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan qat’iy nazoratni ta’minlash maqsadida har bir hududda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan alohida ishchi guruhlari shakllantirilib, hududlarda o‘rganishlar olib borilmoqda.
Vazirlikning Davlat mehnat inspeksiyasi tajribali xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhlar tomonidan hududlarda bugungi kunga qadar 10735 ta monitoring tadbirlari o‘tkazildi.
Shu bilan birga, Davlat mehnat inspeksiyasiga paxta mavsumida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 64 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, call markaz orqali - 40 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali - 23 ta hamda 1 ta yozma murojaatlar kelib tushgan.
O‘tkazilgan monitoringlar va murojaatlarni o‘rganish natijasida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 20 nafar mansabdor shaxslarga ma’muriy jarima tayinlandi.
Bunda, 2 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 15 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 3 ta holatda terim pullarining o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 65ta holat yuzasidan yozma ko‘rsatmalar kiritildi.
Paxta mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurashish va munosib mehnat sharoitlarini yaratilishi bo‘yicha nafaqat Davlat mehnat inspeksiyasi, balki Kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan jamoatchilik asosida Milliy monitoring, senatorlar, deputatlar, jurnalist va blogerlardan iborat ishchi guruhlar, shuningdek 20 nafar fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan monitoringlar olib borilmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar!
Majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lsangiz Davlat mehnat inspeksiyasining
1176 qisqa raqamiga, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 71-200-06-00 Ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga va “mehnathuquqbot” telegram messendjeri orqali o‘zingizning buzilgan mehnat huquqlaringizni tiklash uchun murojaat qiling.
Eslatib o‘tamiz, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq jismoniy shaxsning iltimosiga ko‘ra uning shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kafolatlanadi.