Nizom
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Inspeksiya O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.
3. Inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Inspeksiya o‘z faoliyatini bevosita va o‘z hududiy inspeksiyalari orqali davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Inspeksiya faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, Mehnat organlari xodimlari mehnatini rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Mehnatni rag‘batlantirish jamg‘armasi deb ataladi) mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.
6. Ish beruvchilar o‘z faoliyatini amalga oshirish jarayonida mehnat, aholi bandligi, mehnat muhofazasi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan, ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, mehnat huquqi normalariga ega boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi masalalariga doir texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda mehnat standartlari talablariga rioya etish mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratining predmeti hisoblanadi.
Mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazorati quyidagilarga nisbatan amalga oshiriladi:
belgilangan tartibda yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olingan va yuridik shaxs tashkil etmay tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan, fuqarolar bilan mehnat munosabatlariga kirishgan davlat organlari va muassasalari, yuridik shaxslar, shuningdek, uy xo‘jaligini yuritish bo‘yicha shaxsiy xizmat ko‘rsatish va yordam berish maqsadida jismoniy shaxslar, fuqarolar bilan mehnat munosabatlariga kirishgan yakka tartibdagi tadbirkorlar hisoblanmaydigan jismoniy shaxslar (keyingi o‘rinlarda ish beruvchilar deb ataladi);
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy fuqarolar va ish beruvchilar bilan mehnat munosabatlariga kirishgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (keyingi o‘rinlarda xodimlar deb yuritiladi).
2-bob. Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etishni va ularni himoya qilishni, shuningdek, xavfsiz shart-sharoitlar va mehnatni muhofaza qilishni ta'minlash sohasidagi qonun hujjatlari talablariga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar tashkilotlar tomonidan rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish;
respublikadagi mehnatni muhofaza qilish holatini, ishlab chiqarishda jarohatlanish va kasb kasalliklariga chalinish sabablarini muntazam tahlil qilish, ularni bartaraf etish yo‘llarini ishlab chiqish;
mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishini tizimli tahlil qilish;
mehnat munosabatlari sub'ektlarining mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlari monitoringini va himoyasini ta'minlash;
ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish sifati bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish;
majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uni to‘liq bartaraf etish, shu jumladan aybdor mansabdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish orqali bartaraf etish chora-tadbirlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda tashkil etish;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llash va ularga rioya etish masalalari bo‘yicha xodimlar va ish beruvchilarga, shu jumladan tadbirkorlik sub'ektlariga maslahat va uslubiy yordam berish, ishlab chiqarish jarayonida jarohat olish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir profilaktika ishlarini o‘tkazish;
fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya qilish hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini va mehnatni muhofaza qilishni ta'minlash zarurligi to‘g‘risida yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish;
mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shuningdek fuqarolarning munosib va xavfsiz mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquqlarini ta'minlashga doir takliflar va chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish.
8. Mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida yuklatilgan vazifalar va davlat nazorati predmetiga muvofiq Inspeksiya quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etishni va ularni himoya qilishni, shuningdek, xavfsiz shart-sharoitlar va mehnatni muhofaza qilishni ta'minlash sohasidagi qonun hujjatlari talablariga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar tashkilotlar tomonidan rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish:
ish beruvchilar va mansabdor shaxslarning mehnat qilish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlari va ishsizlikdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqni ta'minlash maqsadida mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholini ish bilan ta'minlash va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishini tekshiradi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan, ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilmaslik holatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda monitoring o‘tkazadi va ularga o‘z vaqtida ta'sir chorasini ko‘radi;
mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishini tahlil qiladi;
jamoa shartnomalarda va bitimlarda nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilishini nazorat qiladi;
ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish sifatini, qisqartirilgan ish vaqtini, noqulay mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun qo‘shimcha yillik ta'tillar belgilashni davlat tomonidan nazorat qiladi, ekspertiza o‘tkazilishini nazorat qiladi va mehnat sharoitlari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazadi, uning natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar beradi;
xotin-qizlar mehnatidan foydalanish taqiqlangan noqulay mehnat sharoitlarida bajariladigan ishlar ro‘yxatini hamda og‘ir narsalarni ko‘tarishda va tashishda xotin-qizlar uchun cheklangan yuk normalari to‘g‘ri qo‘llanishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshiradi;
fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish hamda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini kameral nazoratni o‘tkazadi;
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlangan noqulay mehnat sharoitlarida bajariladigan ishlar Ro‘yxatini hamda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar tomonidan ko‘tariladigan va tashiladigan og‘irlikning cheklangan normalari to‘g‘ri qo‘llanishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshiradi;
mehnatni muhofaza qilish sohasida xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining yagona reestri yuritilishini ta'minlaydi, mehnatni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi masalalari bo‘yicha ularning mutaxassislarini o‘qitish va attestatsiyadan o‘tkazishda ko‘maklashadi;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining faoliyati ustidan belgilangan tartibda monitoring olib boradi va ularning faoliyatini yaxshilash, shu jumladan ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
xodimlarning shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari, ishlab chiqarish muhitini nazorat qilish uskunalari bilan to‘g‘ri ta'minlanganini, shuningdek, noqulay va alohida tusga ega bo‘lgan sharoitlarda ishlaganlik uchun xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar taqdim etilishini nazorat qiladi hamda ulardan foydalanish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi;
xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha ish beruvchilar tomonidan to‘lovlar amalga oshirilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qiladi;
tashkilotlardagi mehnatni muhofaza qilishga doir ishlarning mehnatni muhofaza qilish talablariga mos kelishini manfaatdor organlar bilan hamkorlikda sertifikatlashni amalga oshiradi va o‘tkazadi;
mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratiga muvofiq qonun hujjatlari buzilishining oldini olish va buzilgan holatlarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘radi;
2) respublikada mehnatni muhofaza qilish holatini, ishlab chiqarish jarayonida jarohatlanish va kasb-kasalliklariga chalinish sabablarini muntazam tahlil qilish, ularni bartaraf etish yo‘llarini ishlab chiqish:
ishlab chiqarish jarayonida jarohat olish va kasb kasalliklariga chalinish haqida axborot to‘playdi va buning sabablarini tahlil qiladi, ularni bartaraf etish yo‘llari ishlab chiqilishini ta'minlaydi;
ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalarni va xodimlarning sog‘lig‘iga ular mehnat majburiyatlarini bajarishi vaqtida yetkazilgan zararni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiradi;
ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar sabablarini tahlil qiladi va ularning oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
mehnat va mehnat xavfsizligi sohasida aniqlangan huquqbuzarliklarni aniqlash bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘radi.
3) mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishini tizimli tahlil qilish sohasida:
mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishini tahlil qiladi;
mehnat to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning asosiy prinsiplari, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari masalalariga doir buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelishiga rioya etilishini nazorat qiladi;
tomonlar imzolagan tarmoq kelishuvlarni, uning ilovalarini belgilangan tartibda bildirish ro‘yxatidan o‘tkazadi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi bitimlar va lokal hujjatlarning, ish beruvchilarning mehnat munosabatlari masalalariga doir buyruqlari qonun hujjatlariga mos kelmasligi aniqlanganda xulosalar beradi;
4) mehnat munosabatlari sub'ektlarining mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlari monitoringini va himoyasini ta'minlash sohasida:
mehnat munosabatlari sub'ektlari, shu jumladan kasanachilik shartlari asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlar hamda shaxsiy tomorqa, dehqon va fermer xo‘jaliklarida band bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari himoyasini ta'minlaydi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan holatlar yuzasidan ularga barham berish va ularning yuzaga kelishiga ko‘maklashadigan shart-sharoitlarni bartaraf etish uchun huquqiy tartibga solish choralarini ko‘radi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlariga berilgan huquqlarni amalga oshirishda ko‘maklashadi, shuningdek, ularga ish beruvchilar rioya etishini nazorat qiladi;
o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va xodimlarning sog‘lig‘i yoki hayotiga xavf soladigan tashkilotlar (uning ayrim bo‘linmalari) faoliyatini yoki ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni ular mehnat xavfsizligi talablariga muvofiqlashtirilganiga qadar 10 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatib turadi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratiga muvofiq qonun hujjatlari buzilishiga doir jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini, zarur bo‘lsa, joyning o‘ziga borib ko‘rib chiqadi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga doir da'volar, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash masalalari yuzasidan sudda ekspertlar sifatida ishtirok etadi;
5) ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish sifati bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
mehnat sharoitlari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazilishini nazorat qiladi va ularning natijalari bo‘yicha xulosalar beradi;
ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazadi, shuningdek ularning mutaxassislarini mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘qitadi va attestatsiyadan o‘tkazadi;
6) nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish sohasida:
tashkilotlarning nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishini o‘z vakolatlari doirasida tekshiradi;
tashkilotlarning nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘radi;
ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish masalalari yuzasidan ommaviy axborot vositalarida axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etadi va o‘tkazadi;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va tasdiqlashda ishtirok etadi;
7) majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uni to‘liq bartaraf etish, shu jumladan aybdor mansabdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish orqali bartaraf etish chora-tadbirlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda tashkil etish sohasida:
manfaatdor vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uni butunlay bartaraf etish, shu jumladan aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish orqali bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etadi;
biror-bir shaklda majburiy mehnatdan foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish orqali xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari normalari ijrosini nazorat qiladi;
xodimlarning muayyan toifalari (xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalari talabalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, Qurolli Kuchlar safidan bo‘shatilgan shaxslar) uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mehnat huquqlari hamda kafolatlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
majburiy mehnatdan foydalanish va kamsitish yuzasidan aniqlangan har bir holat bo‘yicha huquqiy tartibga solish choralarini ko‘radi hamda qonunbuzarlik holatlari to‘g‘risida davlat hokimiyatining tegishli organlarini xabardor qiladi;
8) mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llash va ularga rioya etish masalalari bo‘yicha xodimlar va ish beruvchilarga, shu jumladan tadbirkorlik sub'ektlariga maslahat va uslubiy yordam berish, ishlab chiqarish jarayonida jarohat olish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir profilaktika ishlarini o‘tkazish:
Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan amaliy, konsultativ va uslubiy yordam ko‘rsatish uchun ishonch telefonlari joriy etilishini va ishlab turishini ta'minlaydi;
ishonch telefon raqamlariga kelib tushgan muammoli masalalar yuzasidan statistik hisobot yuritadi, ularni tahlil qiladi hamda muammoli va salbiy omillarni bartaraf etish yuzasidan, shu jumladan inspektorlar faoliyati bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
9) fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya qilish hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini va mehnatni muhofaza qilishni ta'minlash zarurligi to‘g‘risida yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish sohasida:
vazirlikning rasmiy saytida mavzuga doir sahifalar yuritilishini ta'minlaydi, elektron bukletlar va metodik axborot, shu jumladan majburiy mehnatga va mehnat munosabatlari sohasidagi kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik va unga to‘liq chek qo‘yish bo‘yicha ko‘rgazmali axborot joylashtiradi, ishlab chiqarish jarayonida jarohat olish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir profilaktika ishlarini o‘tkazadi;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, tashkilotlar va aholi uchun treninglar hamda davra suhbatlari o‘tkazadi;
mehnatga oid huquqiy munosabatlar va mehnat to‘g‘risidagi, mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan, ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish haqidagi qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari yuzasidan ommaviy axborot vositalarida va aholi o‘rtasida axborot-tushuntirish ishlari o‘tkazadi;
10) mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shuningdek fuqarolarning munosib va xavfsiz mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquqlarini ta'minlashga doir takliflar va chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish sohasida:
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholini ish bilan ta'minlash va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar va monitoring materiallarini tahlil qiladi hamda umumlashtiradi;
huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha aniqlangan muammoli jihatlar va ularni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli axborot tayyorlaydi hamda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga taqdim etadi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligiga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni va xodimlarning mehnat huquqlari va manfaatlariga rioya etilishini va himoyasini, ularning ishlash jarayonida mehnat shart-sharoitlarini va xavfsizligini ta'minlashga doir mehnat huquqi normalarini o‘z ichiga olgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qiladi, zarur bo‘lganda, qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan takliflar kiritadi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
mehnatni muhofaza qilishga doir davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarini milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik qiladi.
9. Inspeksiya qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Inspeksiyaning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
10. Inspeksiyaning mansabdor shaxslari o‘zlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari va boshqa organlar, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslaridan nazorat funksiyalarini bajarish uchun zarur hujjatlar, izohlar, axborot, statistik ma'lumotlar va ma'lumotnomalar olish;
ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalarni va kasb kasalliklarini o‘rganish, ishlab chiqarish jarayonida jarohat olish bilan bog‘liq, shuningdek, mehnat sharoitlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi hamda Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasidan so‘rash va olish;
Inspeksiya zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mehnat sohasidagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va tashkilotlarning quyidagilardan iborat ma'lumotlar bazalaridan foydalanish: mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jumladan ularga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek barcha turdagi transportlardan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun mehnat shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, mehnat huquqi normalarini o‘z ichiga olgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi masalalariga doir texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda mehnat standartlari;
fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish hamda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari bajarilishini kameral nazorat qiladi;
davlat organlari va boshqa organlarga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga, shuningdek, fuqarolar-ish beruvchilarga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
davlat tashkilotlari va muassasalarining mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishini tekshirish va o‘rganish;
tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ qarori asosida mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini tekshirish;
maxsus vakolatli organlar bilan oldindan kelishmasdan, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, davlat soliq xizmati organlarining yozma murojaatlari asosida tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar tashkilotlarning bandlik, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishini tadbirkorlik sub'ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga, shuningdek tekshiruv predmeti bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa faoliyatiga aralashmay, rejadan tashqari qisqa muddatli (biroq bir kundan ortiq davom etmaydigan) tekshiruvlar o‘tkazish;
ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq tekshiruv hujjatlarini tuzish hamda tashkilotlar rahbarlari va mansabdor shaxslariga mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazorati predmetiga muvofiq qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish to‘g‘risida bajarish shart bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berish;
ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar sog‘lig‘iga mehnat majburiyatlarini bajarishi vaqtida yetkazilgan boshqa zararlarni tekshirish (tekshiruvlarda ishtirok etish);
ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan ish yuritish, Inspeksiya vakolatiga taalluqli ishlarni ko‘rib chiqish va ma'muriy jazolarni qo‘llash;
mehnat, mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish masalalariga doir hujjatlarni va boshqa materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘rganish;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazorati predmetiga muvofiq qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish to‘g‘risida bajarish shart bo‘lgan va tashkilotlarning rahbarlariga va boshqa mansabdor shaxslariga taqdim etilgan yozma ko‘rsatmalar ijrosini nazorat qilish;
tashkilotlarning mehnat va mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan buyruqlari va boshqa hujjatlarini belgilangan tartibda to‘xtatib turish, zarur hollarda ularni belgilangan tartibda bekor qilish yuzasidan ko‘rsatmalar kiritish;
tashkilotlarning mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va xodimlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan faoliyatini yoki uskunalardan foydalanishni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatib turish;
xodimlarning muvofiqlik sertifikatlariga yoki muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalariga ega bo‘lmagan yoxud mehnatni muhofaza qilish talablariga mos kelmaydigan shaxsiy himoya vositalaridan va jamoaviy himoya vositalaridan foydalanishni taqiqlash;
qurilishi bitkazilgan, ta'mirlangan ob'ektlarni foydalanish uchun qabul qilishga doir komissiya ishida ishtirok etish va ular mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, tegishli xulosalar berish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish, shuningdek, temir yo‘l, havo, suv, xalqaro avtomobil transportidan, barcha turdagi shahar va shahar atrofi yo‘lovchi transportidan, transport kommunikatsiyalaridan, umumiy foydalaniladigan aloqa va axborot vositalaridan foydalanish uchun shart-sharoitlarni yaratish talablarini bajarmaganlik uchun ma'muriy ishlar qo‘zg‘atish;
aybdorlarni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka, shu jumladan jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi hujjatlarni tayyorlash hamda huquqni muhofaza qilish organlari va sudga yuborish;
qonun hujjatlarini buzganlik to‘g‘risida bayonnoma hamda mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima solish haqidagi qarorni ushbu Nizomning 2 va 3-ilovalariga muvofiq belgilangan shakl bo‘yicha rasmiylashtirib, aybdor mansabdor shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma'muriy javobgarlikka tortish;
huquqbuzarliklar sodir etishga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi haqida ma'lumotlar bo‘lsa, mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida, bunday huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikni tushuntirgan holda, davlat organlari va boshqa organlarga, tashkilotlarga hamda ularning mansabdor shaxslariga, shuningdek, ish beruvchi fuqarolarga ogohlantirishlar kiritish;
mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishini, shuningdek, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida yuqori turuvchi tashkilotlar va huquqni muhofaza qilish organlariga taqdimnomalar, yuqorida ko‘rsatilgan qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo‘lgan tashkilotlar va mansabdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rish to‘g‘risida takliflar kiritish;
Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan tashkilot va xodim (xodimlar) o‘rtasidagi mehnat nizosini ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi da'vo bilan sudga yoki boshqa organga murojaat qilish;
mehnat va mehnatni muhofaza qilish, ishlab chiqarish jarayonida xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risida qonun hujjatlari buzilishi haqidagi da'volar bo‘yicha sudda ekspertlar sifatida ishtirok etish;
davlat nazorati predmetiga muvofiq amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga kiritish;
mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish yuzasidan xodimlarning va mehnat munosabatlari boshqa sub'ektlarining murojaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish;
xodimlar va mehnat munosabatlarining boshqa sub'ektlari murojaatlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun tashkilotlarni (ularning vakillarini) taklif qilish;
tashkilotlarda mehnat sharoitlarini ekspertizadan o‘tkazish hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda tegishli xulosa berish;
tashkilotning rahbar xodimlari va mutaxassislarini mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish yuzasidan respublikaning imtihon o‘tkazuvchi komissiyalari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishida ishtirok etish;
belgilangan tartibda mehnatni muhofazasi bo‘yicha o‘qitilmagan, yo‘riqnomadan o‘tkazilmagan va bilimi tekshiruvdan o‘tkazilmagan shaxslarni ishdan chetlatish to‘g‘risida takliflar kiritish.
Inspeksiyaning mansabdor shaxslari O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Inspeksiyaning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlarini mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratiga muvofiq amalga oshirishda:
mehnat va aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq berilgan vakolatlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarishi;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalar normalariga, tekshirilayotgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishi;
davlat organlarining rahbariga, boshqa mansabdor shaxsiga yoki ish beruvchining vakolatli vakiliga tekshiruv o‘tkazishda ishtirok etishga to‘sqinlik qilmasligi hamda tekshiruv predmetiga taalluqli masalalar yuzasidan tushuntirishlar berishi;
tekshiruv o‘tkazish vaqtida ishtirok etayotgan rahbarga, boshqa mansabdor shaxsga yoki yuridik shaxsning vakolatli vakiliga, yakka tartibdagi tadbirkorga, uning vakolatli vakiliga tekshiruv predmetiga taalluqli axborot va hujjatlarni taqdim etishi;
rahbarni, boshqa mansabdor shaxsni yoki yuridik shaxsning vakolatli vakilini, yakka tartibdagi tadbirkorni, uning vakolatli vakilini tekshiruv natijalari bilan tanishtirishi;
aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha ko‘riladigan choralarni aniqlashda ularning huquqbuzarlikka muvofiqligini, odamlar hayoti va sog‘lig‘i, hayvonlar, o‘simliklar, atrof-muhitga xavfini, davlat xavfsizligini, tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar keltirib chiqarishi mumkinligini hisobga olishi, shuningdek, fuqarolarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymasligi;
yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan o‘z xatti-harakatlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishda ularning asosli ekanini isbotlashi;
qonun hujjatlarida belgilangan tekshiruvlar o‘tkazish tartibi va muddatlariga rioya qilishi shart.
13. Mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi Inspeksiyaning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlarini amalga oshirishda nazorat predmetiga muvofiq davlat organlaridan mustaqildir hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun hujjatlariga amal qiladi.
14. Inspeksiyaning mansabdor shaxslari o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarasiz bajarganligi, shuningdek, g‘ayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
4-bob. Inspeksiya va uning xodimlari faoliyatini tashkil etish
15. Inspeksiyaning tashkiliy tuzilmasi Vazirlikning davlat mehnat huquq inspektorlari, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari, mehnat sharoitlari bo‘yicha bosh davlat eksperti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari (keyingi o‘rinda hududiy bandlik boshqarmalari deb ataladi) inspeksiyalari, tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlaridan iborat.
Nomzodlarni Inspeksiyaga ishga qabul qilishda ular Respublika mehnat organlari xodimlarining malakasini oshirish kurslari bazasida ikki haftalik majburiy kirishish-moslashish kursidan o‘tadi.
Inspeksiya xodimlari uch yilda kamida bir marta Respublika mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish kurslarida o‘qitiladi.
16. Inspeksiyaga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
Inspeksiya boshlig‘i bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori hisoblanadi.
Inspeksiya boshlig‘i lavozimiga oliy ma'lumotli, mehnat yoki mehnatni muhofaza qilish tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega shaxs tayinlanishi mumkin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Inspeksiyasi boshlig‘ining o‘z vakolati doirasida qabul qilingan qarorlari faqat sud tartibida bekor qilinishi mumkin.
17. Inspeksiya boshlig‘i:
tegishli ravishda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan, bir vaqtning o‘zida bosh davlat mehnat huquq inspektori bo‘lgan ikki nafar o‘rinbosarga, Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosariga va bir vaqtning o‘zida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh davlat texnik inspektori bo‘lgan Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosariga ega bo‘lishi mumkin;
o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosariga bo‘ysunadi va unga hisob beradi.
18. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari — bosh davlat mehnat huquq inspektori lavozimiga yuridik ma'lumotga va mutaxassisligi bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega shaxs tayinlanishi mumkin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari — mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh davlat texnik inspektori lavozimiga oliy texnik ma'lumotga va mutaxassisligi bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega shaxs tayinlanishi mumkin.
19. Mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy infratuzilma ob'ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanish uchun mehnat sharoitlarini yaratishga doir qismiga rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish vakolatlariga Inspeksiyaning quyidagi mansabdor shaxslari ega:
bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat mehnat inspektori hisoblangan Vazirlik Inspeksiyasining boshlig‘i;
Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosari — Vazirlikning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh davlat texnik inspektori;
Vazirlikning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektori;
Vazirlikning mehnat sharoitlari bo‘yicha bosh davlat eksperti;
hududiy inspeksiya boshlig‘i — hududiy bandlik boshqarmalarining bosh davlat mehnat inspektori;
hududiy inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosari — hududiy bandlik boshqarmalarining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh davlat texnik inspektori;
hududiy bandlik boshqarmalarining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari.
20. Mehnat va aholi bandligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish vakolatlariga Inspeksiyaning quyidagi mansabdor shaxslari ega:
bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat mehnat inspektori hisoblangan Vazirlik Inspeksiyasining boshlig‘i;
Vazirlik Inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari — bosh davlat mehnat huquq inspektori;
Vazirlikning davlat mehnat huquq inspektorlari;
Inspeksiya boshlig‘i — hududiy bandlik boshqarmalarining bosh davlat mehnat inspektori;
Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosari — hududiy bandlik boshqarmalarining bosh davlat mehnat huquq inspektori;
hududiy bandlik boshqarmalarining davlat mehnat huquq inspektori;
tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlari.
Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosari — hududiy bandlik boshqarmalarining bosh davlat mehnat huquq inspektori, shuningdek, tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlari zimmasiga yuriskonsult funksiyalari yuklanadi.
21. Inspeksiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlanadigan ish rejalari asosida amalga oshiradi.
22. Inspeksiya boshlig‘i o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun:
a) hududiy bandlik bosh boshqarmalari barcha quyi inspeksiyalarining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, uni muvofiqlashtiradi;
b) Inspeksiya hududiy bo‘linmalari boshliqlarining hisobotlarini chorakda kamida bir marta eshitadi;
v) davlat mehnat inspektorlari va mehnat sharoitlari bo‘yicha bosh davlat ekspertining avval berilgan ko‘rsatmalari, taqdimnomalari, qarorlari va boshqa hujjatlarini ko‘rib chiqadi, o‘zgartiradi va bekor qiladi;
g) davlat mehnat inspektorlarining bilim saviyasini va malakasini doimiy oshirib borish bo‘yicha choralar ko‘radi, o‘z vakolatlari doirasida Inspeksiya hududiy bo‘linmalari tomonidan bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatma va topshiriqlar beradi;
d) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi buyruqlari, farmoyishlari va ko‘rsatmalarining tegishlicha ijrosini ta'minlaydi;
ye) Inspeksiyaga yuklangan vazifa va funksiyalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, o‘ziga taqdim etilgan huquqlar va yuklangan majburiyatlar zarur darajada ijro etilishi uchun shaxsan javob beradi;
j) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan boshqa hujjatlar;
Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari tashkiliy-shtat tuzilmalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida takliflar;
hududiy bandlik boshqarmalari inspeksiyalari boshliqlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish haqida taqdimnomalar;
Inspeksiyaning yuridik ma'lumotga ega tegishli xodimlariga martaba darajalari berish to‘g‘risida takliflar;
Inspeksiya xodimlarini rag‘batlantirish, ularni O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlariga taqdim etish haqida takliflar;
Inspeksiya faoliyati natijalari to‘g‘risida har oylik hisobotlar kiritadi;
z) o‘z vakolati doirasida Inspeksiya faoliyatini tashkil etish, shu jumladan ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalarni maxsus o‘rganishni tashkil etish masalalari yuzasidan Inspeksiyaning barcha xodimlari tomonidan bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalar va topshiriqlar beradi;
k) Inspeksiya xodimlarining samarali taqsimlanishini tashkil etadi, shu jumladan muayyan funksiyalarni bajaruvchi ayrim xodimlarni Inspeksiyaga yuklangan boshqa ishlarga jalb qilishi mumkin;
i) qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
23. Inspeksiya boshlig‘i yo‘qligida uning vakolatlarini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘iga binoan uning o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.
24. Inspeksiya boshlig‘i davlat mehnat inspektorlarining va mehnat sharoitlari bo‘yicha davlat inspektorlarining avval berilgan ko‘rsatmalari, taqdimnomalari, qarorlari va boshqa hujjatlarini ko‘rib chiqadi, o‘zgartiradi va bekor qiladi.
Sud organlari tomonidan qaror qabul qilingandan keyin Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qo‘shimcha xulosalar, tushunchalar Inspeksiya tomonidan berilmaydi.
25. Hududiy bandlik boshqarmalari inspeksiyalari ushbu hududiy bandlik boshqarmalarining tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi.
Hududiy bandlik boshqarmalari Inspeksiyalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Inspeksiyasining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan inspeksiyalar rahbarlari (bosh mehnat inspektorlari) rahbarlik qiladi.
Hududiy boshqarmalar bosh davlat mehnat inspektorlari lavozimlariga oliy ma'lumotga va mutaxassisligi bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega shaxslar tayinlanishi mumkin.
Hududiy bandlik boshqarmasi inspeksiyasining boshlig‘i o‘z faoliyatida hududiy bandlik boshqarmasi boshlig‘iga hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Inspeksiyasiga hisobot beradi.
26. Hududiy inspeksiyalar boshliqlari tegishli hududlar doirasida:
hududiy Inspeksiyaga rahbarlik qiladi, hududiy bandlik boshqarmalarining va tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlari, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
quyi davlat mehnat inspektorlarining avval berilgan ko‘rsatmalari, taqdimnomalari va qarorlari, shuningdek, boshqa hujjatlarini ko‘rib chiqish va huquqbuzarliklar aniqlansa, ularni o‘zgartirish huquqiga ega;
Vazirlikning, Inspeksiyaning ko‘rsatmalari, hududiy bandlik boshqarmalari rahbarlarining buyruqlari, farmoyishlari va talablari tegishli ravishda ijro etilishini ta'minlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida hududiy Inspeksiya xodimlariga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalar va topshiriqlar beradi;
hududiy Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va yuqori turuvchi organlarning qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni bajaradi.
27. Hududiy inspeksiyalar o‘z faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlarining Inspeksiyasiga hisobot davridan keyingi oyning 5 sanasidan kechikmay, belgilangan tartibda yillik hisobotlar taqdim etadi.
28. Hududiy Inspeksiyalarning davlat mehnat huquq inspektorlari, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Inspeksiyasining taqdimnomasiga binoan hududiy bandlik boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlari hududiy Inspeksiya boshlig‘ining taqdimnomasiga binoan tegishli tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazining davlat mehnat huquq inspektori lavozimiga oliy yuridik ma'lumotga ega shaxs tayinlanishi mumkin.
Tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlari bir vaqtning o‘zida ushbu tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazining yuriskonsulti funksiyalarini ham bajaradi.
Tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlari o‘z faoliyatida tegishli tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazining direktoriga hisob beradi.
29. Davlat mehnat huquq inspektorlari tegishli tumanlar (shaharlar) doirasida Vazirlik, hududiy inspeksiyalar ko‘rsatmalarining, hududiy bandlik boshqarmalari va tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari buyruqlari, farmoyishlari hamda talablarining tegishlicha ijrosini ta'minlaydi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shaxsan javob beradi.
30. Tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlari amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida oylik hisobotlarni yuqori turuvchi organga — tegishli hududiy inspeksiyaga hisobot davridan keyingi oyning 3 sanasidan kechikmay taqdim etadi.
31. Mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish sohasida nazorat predmetiga muvofiq davlat nazoratini amalga oshiruvchi Inspeksiyaning mansabdor shaxslari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona namunadagi guvohnomalarga ega.
Vazirlik Inspeksiyasining mansabdor shaxslariga, hududiy inspeksiyalar boshliqlari va o‘rinbosarlariga xizmat guvohnomalari Vazirlik tomonidan beriladi.
Hududiy inspeksiyalarning davlat mehnat huquq inspektorlariga, mehnatni muhofaza qilish davlat texnik inspektorlariga xizmat guvohnomalari tegishli hududiy bandlik boshqarmalari tomonidan beriladi.
Tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlariga xizmat guvohnomalari tegishli hududiy bandlik boshqarmalari tomonidan beriladi.
32. Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatini tekshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi tegishli namunadagi guvohnomalar Inspeksiyaning mansabdor shaxslariga Vazirlik tomonidan tegishli attestatsiya natijalariga ko‘ra beriladi.
33. Inspeksiyaga birinchi marta ishga kirgan shaxslarga qonun hujjatlariga muvofiq uch oygacha sinov muddati belgilanadi.
Sinov muddatini o‘tayotgan shaxslar quyidagi hollarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Inspeksiyadan bo‘shatilishi mumkin:
agar ular qo‘yilayotgan talablarga mos kelmasligi aniqlansa, Inspeksiya bo‘linmalari rahbariyatining taqdimnomasiga binoan;
ishga kirgan shaxsning tashabbusi bilan (o‘z xohishiga, oilaviy vaziyatiga va boshqa uzrli sabablarga ko‘ra).
Ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq xodimga imzo qo‘ydirgan holda e'lon qilinadi.
34. Shaxs:
agar, sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan;
sudlanganligi olib tashlanmagan;
huquqni muhofaza qilish, sud va boshqa davlat organlari yoki boshqa tashkilotlardan obro‘siga putur yetkazgan qilmishlar uchun bo‘shatilgan bo‘lsa, Inspeksiyaga ishga qabul qilinishi mumkin emas.
35. Inspeksiya xodimlari Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlanadigan kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishi shart.
Inspeksiya xodimlarining kasbiy odob-axloq qoidalarini buzishi intizomiy va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Xodimlar o‘z ishchanlik va shaxsiy fazilatlariga, topshirilgan ish uchastkalarida erishgan natijalariga, kasbiy tayyorgarligiga ko‘ra xizmat bo‘yicha lavozimi oshiriladi.
36. Korrupsiya va boshqa suiiste'molliklarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik, xodimning shaxsiy va ish yuzasidan fazilatlarini, uning faoliyati samaradorligini o‘rganish, shuningdek, Inspeksiya faoliyatining turli yo‘nalishlarida malaka va ish tajribasiga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida xodimlar rotatsiyasi amalga oshiriladi.
Xodimlar rotatsiyasi, qoida tariqasida, Inspeksiya boshlig‘ining taqdimnomasiga binoan egallab turgan lavozimida uch yil ishlaganidan keyin amalga oshirilishi mumkin.
Xodimlar rotatsiyasini amalga oshirish tartibi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
37. Xodimning egallab turgan lavozimiga muvofiqligini aniqlash maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlanadigan Attestatsiya o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda va muddatlarda attestatsiya o‘tkaziladi.
Attestatsiya o‘tkazishda xodimning kasbga yaroqliligi va egallab turgan lavozimga muvofiqligi, shuningdek, uning keyingi faoliyati va uni navbatdagi martaba (malaka) darajasi berish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqiladi.
Xodimlar attestatsiyadan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan Attestatsiya o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.
38. Inspeksiya o‘z rasmiy blankasiga ega bo‘ladi.
39. Inspeksiya xodimlari tomonidan tekshiruvlar o‘tkazish, shu jumladan Inspeksiya xodimlarini nazorat qilish va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarga (tekshiruv guruhlariga) jalb qilish tegishli mehnat organi rahbarining buyrug‘i asosida «Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini tekshirish monitoringi» idoraviy elektron axborot tizimida ro‘yxatga olinganda amalga oshiriladi.
Bunda Inspeksiya xodimlari bir oyda o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga tekshiruvlarga (tekshirish guruhlariga) jalb qilinadi (safarga yuboriladi).
40. Inspeksiya tomonidan qo‘yilgan ma'muriy jarimalardan tushgan mablag‘lar Mehnatni rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, shuningdek, davlat hokimiyati organlarining nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun eng kam ish o‘rinlarini tashkil etishga doir qarorlarini bajarmaslik uchun belgilangan tartibda solingan jarimalarning 10 foizi miqdoridagi chegirmalar bundan mustasno.
Mehnat organlari rahbarlari va Inspeksiya xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘i asosida har oyda qo‘llangan ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha undirilgan jarimalar summasining 10 foizigacha bo‘lgan miqdorda, biroq eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda mukofotlanadi.
5-bob. Martaba darajalari va toifalarini berish hamda ulardan mahrum qilish
41. Oliy yuridik ma'lumotga ega Inspeksiya inspektorlari davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatining xodimlariga tenglashtiriladi va ularga martaba darajalarini berish tartibi tatbiq etiladi.
42. Inspeksiya xodimlariga martaba darajalari oliy yuridik ma'lumotga ega va attestatsiyadan ijobiy o‘tgan bo‘lsa, malaka va ish stajiga muvofiq egallagan lavozimi, avvalgi ish yoki xizmat joyi bo‘yicha berilgan maxsus unvonlar hisobga olingan holda izchillik tartibida, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining taqdimnomasiga binoan adliya organlari xodimlariga martaba darajalarini berish tartibida beriladi.
Oliy yuridik ma'lumotga ega Inspeksiya xodimlariga quyidagi martaba darajalari beriladi:
1-darajali adliya maslahatchisi;
2-darajali adliya maslahatchisi;
3-darajali adliya maslahatchisi;
1-darajali yurist;
2-darajali yurist;
3-darajali yurist.
43. Inspeksiya xodimlariga quyidagi martaba darajalari beriladi:
1-darajali adliya maslahatchisi — Vazirlik Inspeksiyasining boshlig‘iga;
2-darajali adliya maslahatchisi — Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosariga Vazirlik bosh davlat mehnat huquq inspektoriga, hududiy bandlik boshqarmalari inspeksiyalari boshliqlariga;
3-darajali adliya maslahatchisi — Vazirlikning davlat mehnat huquq inspektoriga, hududiy bandlik boshqarmalari inspeksiyalari boshliqlarining o‘rinbosarlariga;
1-darajali yurist — hududiy bandlik boshqarmalarining davlat mehnat huquq inspektorlariga;
2 va 3-darajali yurist — tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektorlariga;
tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining davlat mehnat huquq inspektori lavozimiga ishga kirgan xodimlarga oliy yuridik ma'lumoti bo‘lsa, 3-darajali yurist martaba darajasi beriladi.
Tegishli malaka bo‘yicha ish tajribasiga ega bo‘lmagan xodimlarga lavozimga tayinlanganidan keyin kamida 6 oy o‘tib martaba darajasi beriladi.
44. Inspeksiya xodimlariga kasbiy toifalar oliy muhandis-texnik ma'lumotga ega va attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa, malakasi va ish stajiga muvofiq izchillik tartibida beriladi.
Oliy muhandis-texnik ma'lumotga ega xodimlarga quyidagi kasbiy toifalar beriladi:
II toifali texnik inspektor;
I toifali texnik inspektor;
oliy toifali texnik inspektor.
Kasbiy toifalar:
oliy toifali texnik inspektor — Vazirlik Inspeksiyasining boshlig‘iga beriladi;
I toifali texnik inspektor — Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosariga — Vazirlikning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh davlat texnik inspektoriga, mehnat sharoitlari bo‘yicha bosh davlat ekspertiga va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlariga, hududiy bandlik boshqarmalarining Inspeksiya boshlig‘iga beriladi;
II toifali texnik inspektor — hududiy bandlik boshqarmalarining Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosariga — mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bosh davlat texnik inspektoriga va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektoriga beriladi.
Inspeksiyaning boshqa xodimlariga toifa berish tartibi o‘tkazilgan attestatsiya natijalariga ko‘ra egallab turgan lavozimini hisobga olgan holda Vazirlik tomonidan belgilanadi.
6-bob. Inspeksiya xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi
45. Inspeksiya xodimlari:
xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar;
belgilangan tartibda shakllantiriladigan Mehnatni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moddiy rag‘batlantiriladi.
46. Inspeksiya xodimlari mehnatiga quyidagilar hisobiga haq to‘lanadi:
a) quyidagilarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan:
Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasi bo‘yicha tasdiqlangan razryadlarga muvofiq mehnat organlari xodimlarining lavozim maoshi;
davlat xizmatchilarining lavozim maoshiga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlar va tartibda mehnatni rag‘batlantirish koeffitsienti;
Vazirlik xodimlari uchun belgilangan miqdorda ko‘p yillik xizmati uchun lavozim maoshiga har oylik qo‘shimchalar;
Moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga mehnatga haq to‘lash fondining 15 foizi miqdorida xodimlar mehnatini moddiy rag‘batlantirish;
bir yilda bir marta ikki oylik ish haqi miqdorida mukofotlar;
bir yilda bir oylik ish haqi miqdoridagi moddiy yordam;
ushbu nizomga 4 va 5-ilovalarga muvofiq lavozim maoshiga martaba darajasi yoki toifasi uchun ustamalar;
b) quyidagilarni o‘z ichiga olgan mehnatni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga:
rag‘batlantiruvchi va boshqa to‘lovlar:
faoliyat samaradorligining eng yuqori ko‘rsatkichlarini ta'minlovchi xodimlar lavozim maoshiga ikki hissa miqdorda shaxsiy ustamalar;
ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha undirilgan jarimalar summasining 10 foizigacha bo‘lgan miqdorda, biroq eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi har oylik mukofotlar;
tashabbuskorlik va xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarganlik hamda mehnatda erishgan yuksak yutuqlar uchun xodimlar faoliyatini yakka tartibda baholash asosida bir yilda bir marta ikki oylik ish haqi miqdorida mukofot;
bayram sanalarida — Mustaqillik kuniga, Konstitutsiya kuniga, 8 mart kuniga, Navro‘z, Yangi yil, «Ro‘za hayit» (Iyd-al-Fitr) va «Qurbon hayit» (Iyd-al-Adxa) bayramlariga ikki oylik lavozim maoshi miqdorida mukofot;
muhim va yubiley sanalar munosabati bilan uzoq yillik va fidokorona xizmati (ishi) uchun, shuningdek, pensiyaga chiqqanda mukofotlash;
eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun oylik to‘lovlar;
Inspeksiya xodimlariga yo‘lkira xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravarigacha miqdordagi oylik to‘lovlar, xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlar bundan mustasno;
uzoq yil xizmat qilgani uchun har oylik to‘lov.
47. Inspeksiya xodimlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham moddiy rag‘batlantirilishi mumkin.
48. Inspeksiya xodimlariga oylik shaxsiy ustamalar bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan vazirning mutasaddilik qiluvchi o‘rinbosari tavsiyasiga ko‘ra tasdiqlanadi.
49. Ish sifati yomonlashsa, topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmasa, mehnat va ijro intizomi buzilsa, belgilangan ustamalar bekor qilinishi yoki ularning miqdori kamaytirilishi mumkin.
50. Xodim vafot etsa, moddiy yordam (agar u xodim vafot etgan yilda unga ko‘rsatilmagan bo‘lsa) turmush o‘rtog‘iga to‘lanadi, turmush o‘rtog‘i yo‘q bo‘lsa — u bilan birga yashagan voyaga yetgan bolalariga yoki qonuniy vakillarga (vasiylar, homiylarga) yoxud voyaga yetmagan bolalarni (yoshidan qat'i nazar bolaligidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni) asrab olganlarga, shuningdek, xodimlar qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga yoki ota-onalariga teng ulushlarda, agar xodimlar nikohda bo‘lmasa va bolalari bo‘lmasa, to‘lanadi.
51. Xodimning asoslantirilgan arizasi asosida yuqori turuvchi bo‘linma rahbarining roziligi bilan Mehnatni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi hollarda qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatilishi mumkin:
yaqin qarindoshlari vafot etganda — vafoti haqidagi guvohnomaning ko‘chirma nusxasi asosida;
zarur bo‘lgan alohida hollarda (baxtsiz hodisa, to‘y va boshqa tadbirlar, halokat, uzoq vaqt kasal bo‘lgani bois maxsus davolash va salomatlikni tiklash (shu jumladan oila a'zosi), shuningdek oiladagi og‘ir moddiy ahvol va boshqa holatlar).
52. Xodim xarajatlarini qoplash, moddiy yordam miqdorlari va to‘lovi xodimga intizomiy jazo qo‘llanilishiga bog‘liq emas.
7-bob. Inspeksiya xodimlarini rag‘batlantirish choralari
53. Xodimlar tashabbuskorligi, xizmat majburiyatlarini vijdonan va namunali bajarganligi uchun rag‘batlantiriladi.
54. Quyidagilar rag‘batlantirish choralari hisoblanadi:
minnatdorlik;
pul mukofoti;
amal qilish muddati tamom bo‘lgunga qadar avvalgi jazoni olib tashlash;
sovg‘a yoki qimmatbaho sovg‘a;
belgilangan muddat tugagunga qadar yoki egallab turgan lavozimidan qat'i nazar, navbatdan tashqari yoki navbatdagi martaba darajasini berish.
Xodimlar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining hamda Davlat muassasalari va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish xodimlari respublika kasaba uyushmasi kengashining faxriy yorlig‘i bilan mukofotlanishini mumkin.
Alohida xizmatlari uchun xodimlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin.
Ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar, ustamalar va mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlariga kirmaydi.
55. Inspeksiyaning intizomiy jazosi bo‘lgan xodimlariga nisbatan rag‘batlantirish choralari avval tayinlangan intizomiy jazoni olib tashlash shaklida qo‘llanishi mumkin.
56. Rag‘batlantirish to‘g‘risida tegishli buyruq chiqariladi. Buyruq rag‘batlantiriluvchi xodimga e'lon qilinadi, zarur hollarda esa Inspeksiyaning barcha xodimlari e'tiboriga yetkaziladi. Rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasi xodimning shaxsiy ishiga qo‘shib qo‘yiladi.
8-bob. Inspeksiya xodimlariga nisbatan intizomiy jazolar qo‘llash
57. Xodimlarga nisbatan intizomiy jazolar xizmat majburiyatlarini bajarmaganlik yoki zarur darajada bajarmaganlik yoki Inspeksiya xodimi unvoniga isnod keltiradigan xatti-harakatlari uchun qo‘llaniladi.
58. Intizomiy jazo qo‘llanganda, zarur hollarda, xizmat tekshiruvi tayinlanishi mumkin.
Intizomiy jazo xodimga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘llaniladi.
Xizmat tekshiruvi vaqtida xodim vaqtincha, biroq bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga xizmat majburiyatlarini bajarishdan, jumladan nazorat funksiyalarini bajarishdan buyruq bilan chetlatilishi mumkin.
59. Intizomiy jazo borligi xodimning lavozimini oshirishga yoki navbatdagi martaba darajasini (toifasi) berishga, shuningdek, uni rahbar lavozimlarga zaxirasiga kiritishga (uning zaxirada bo‘lishiga) to‘sqinlik qiladigan holat hisoblanadi.
60. Xodimga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga yoki Inspeksiya boshlig‘iga shikoyat qilinishi mumkin.
Shikoyat kelib tushgandan keyin o‘n besh kun muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha tekshirish o‘tkazish zarur bo‘lsa, shikoyat kelib tushgan kundan boshlab bir oydan kechikmay ko‘rib chiqiladi.
Shikoyat bilan murojaat qilish intizomiy jazo ijrosini to‘xtatib turmaydi.
9-bob. Inspeksiya kadrlari zaxirasi
61. Inspeksiyada kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.
Zarur kasbiy fazilatlarga ega shaxslarning Inspeksiyaga ishga qabul qilinishini ta'minlash, yuklangan vazifalarni professional va samarali bajarish uchun boshqaruv ko‘nikmalariga va amaliy tajribaga ega xodimlarni rahbar lavozimlarga taqdim etish kadrlar zaxirasini shakllantirishning asosiy maqsadlari hisoblanadi.
Inspeksiya kadrlari zaxirasini shakllantirish va ular bilan ishlash kollegiallik va xolislik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
62. Kadrlar zaxirasini shakllantirishda va ular bilan ishlashda quyidagilar faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi:
ushbu Nizomda belgilangan talablarga mos keladigan shaxslarni Inspeksiyaga ishga qabul qilish;
nazariy bilimlar, amaliy va axborot-tahlil ko‘nikmalarini oshirish, xodimlarning ishchanlik va professional fazilatlarini takomillashtirish,ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy yutuqlari bilan tanishtirish;
yuqori lavozimlarga eng mas'uliyatli, malakali va tayyorgarlik ko‘rgan xodimlarni tanlash va ularni kadrlar zaxirasiga kiritish;
kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarni qayta tayyorlash va tarbiyalash, shuningdek, ularda boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish;
xodimlar xizmat lavozimini oshirishni tizimli rejalashtirish va tashkil etish.
Inspeksiya tizimidagi yuqori lavozimlarga, odatda, kadrlar zaxirasida turgan xodimlar tayinlanadi.
63. Inspeksiya kadrlari zaxirasi quyidagilardan iborat:
Inspeksiyaga ishga qabul qilish uchun nomzodlar zaxirasi;
hududiy bandlik boshqarmalari bosh inspektorlari va inspektorlari lavozimlarini almashtirish uchun kadrlar zaxirasi;
tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari va boshliqlari o‘rinbosarlari lavozimlarini, shuningdek ularga tenglashtirilgan hududiy bandlik boshqarmalaridagi lavozimlarni, tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari davlat mehnat inspektorlarining lavozimlarini almashtirish uchun kadrlar zaxirasi.
64. Inspeksiya tizimida rahbar lavozimlarga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur ko‘nikmalar va fazilatlarga ega bo‘lish rahbar kadrlar zaxirasiga kiritish uchun mezon hisoblanadi.
Hududiy inspeksiyalar boshliqlari, shuningdek, Inspeksiya markaziy apparati rahbarlari lavozimlari uchun kadrlar zaxirasiga yuklangan xizmat majburiyatlarini vijdonan bajaradigan, tegishli dunyoqarashga, nazariy bilimlarga, ijobiy shaxsiy va ishchanlik fazilatlariga, turli lavozimlarda ishlash tajribasiga hamda tashkilotchilik va tahlil qilish qobiliyatiga ega, qat'iylik, prinsipial va mas'uliyatli xodimlar kiritiladi.
65. Kadrlar zaxirasiga nomzodlar Inspeksiya boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari va hududiy bandlik boshqarmalari inspeksiyalari boshliqlari, mehnat organlari attestatsiya komissiyalari tomonidan kiritiladi.
66. Kadrlar zaxirasi bilan ishlar tizimli asosda mavjud vakansiyalardan qat'i nazar yuritiladi. Rahbar lavozimlarning zaxira tarkibi bir yilda kamida bir marta tuziladi.
Inspeksiya boshlig‘i, Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosarlari, hududiy bandlik boshqarmalari Inspeksiyalari boshliqlari, shuningdek, Inspeksiya markaziy apparati mutaxassislari lavozimlarini almashtirish uchun kadrlar zaxirasi Vazirlik kadrlar boshqarmasi bilan kelishgan holda shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Inspeksiyadagi qolgan lavozimlar uchun kadrlar zaxirasi tegishli ravishda bandlik hududiy bosh boshqarmalari tomonidan tasdiqlanadi.
Inspeksiyaga ishga qabul uchun nomzodlar zaxirasi ushbu Nizom talablariga javob beradigan oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari orasidan Inspeksiya va hududiy bandlik boshqarmalari tomonidan shakllantiriladi.
67. Kadrlar zaxirasini shakllantirish uchun javob beradigan Inspeksiyaning mansabdor shaxslari nomzodlarni kadrlar zaxirasiga ko‘rsatish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish va uni xolis shakllantirish uchun to‘liq javob beradi.
Kadrlar zaxirasini shakllantirish va ular bilan ishlash ushbu Nizomda hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri buyruqlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10-bob. Yakunlovchi qoida
68. Yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning qonuniy ijro etilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida Inspeksiya yozma ko‘rsatmalari, ko‘rsatmalari, taqdimnomalari va boshqa hujjatlarini bajarmaslik, shuningdek, Inspeksiya faoliyatiga aralashish va har qanday shaklda uning xodimlariga ta'sir o‘tkazish taqiqlanadi hamda qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.