ONAMNING KULCHALARI

04.03.2022

  ONAMNING KULCHALARI


    Keltirdi tong chog‘i bir
    sabo va bir qush xabar:
    Ochilmish bahorning ilk
      boychechak — gulchalari.
      Lekin men uchun eng zo‘r,
       eng quvonchli xushxabar —
    Onamning kulchalari.
   Onamning kulchalari

Ming chaqirim yo‘l bosib
       kelgan sovg‘a-salom bu,
     Mehr bilan boylangan
     to‘sha-tugunchalari.
       Har biri quyosh yanglig‘
       charaqlagan olam bu —
      Onamning kulchalari.
      Onamning kulchalari.

Porlab ketar ro‘zg‘orim,
yorishgay iliq-iliq
    Ko‘nglimning muzlab yotgan
  eng tiyra go‘shalari.
  Har gal umid keltirgay,
  keltirgaydir tiriklik —
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.

Ayriliq, hijronlarga
      to‘lug‘ umrim maktabi,
     Ravshan tortgay uning eng
      zim-ziyo ko‘chalari.
     Qirq yilkim taskin bergay
      eng tansiq diydor kabi —
    Onamning kulchalari.
    Onamning kulchalari.

— Onangdan xabar olgil,
      Siroj sen tez-tez borib…
    Firoqlardan kichraygan
    jussasi, qo‘lchalari,
   Sizni ko‘ziga surtgay
   ustoz Abdulla Orif,
   Onamning kulchalari.
  Onamning kulchalari.

Qismatimdan shodmanu
      ammo Vaqtdan xafaman,
    Yuzimga urilganda
     ko‘klamning do‘lchalari,
    Sizning nazdingizda lek
    men hamon talabaman,
    Onamning kulchalari.
    Onamning kulchalari.

Umr ber ham sog‘lik ber,
    nur bergil ko‘zlariga,
  Xudoyim, bir ayolga
   dard, zahmat shunchalarmi?
   Mehru sog‘inch bobida
    o‘xshaydi o‘zlariga —
   Onamning kulchalari.
    Onamning kulchalari.

                                                                                                                                       O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid