AOKAda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Faxriddin Hayitov ishtirokida brifing bo'lib o'tdi

31.10.2023

 “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ham  samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yil 11 oktyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ham mazkur masala bo‘yicha qator muhim takliflar bildirib, ustuvor vazifalarni belgilab berganidan xabarimiz bor.

“Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” shiori ostida har bir xonadon tomonidan 20 tup ko‘chat ekish va parvarish qilish tashabbusi ilgari surildi.

 Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash maqsadida viloyat, tuman va shaharlar hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari mas’ulligida Ishchi guruhlar tashkil etildi.

Tuman-shaharlar va mahallalarda mahalliy hokimliklar tomonidan 600 ga yaqin ko‘chat yarmarkalari tashkil etildi.

Ekologiya, bandlik hamda o‘rmon xo‘jaligi mas’ullarini tumanlar va mahallalarga biriktirish jadvallar asosida amalga oshirildi.

Markaziy ko‘chalar, mahallalar va dehqon bozorlarida 900 ga yaqin ko‘chat sotish punktlari tashkil etildi.

Viloyat, tuman va shaharlar Ishchi guruhlari tomonidan ko‘chat ekish bo‘yicha taqsimotlar ishlab chiqilib, chora-tadbirlar belgilanib olindi:

Xususan, shtablarga ekologiya va o‘rmonchilik sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni biriktirish;

Mahalla raislari bilan birgalikda sug‘orish tizimi mavjud,  iqlim sharoitiga mos, tuproq sharoitiga to‘g‘ri keladigan ko‘chat turlarini aniqlash va ushbu ko‘chatlarni ekish uchun yer maydonlarini tanlash ishlari olib borildi.

Har bir mahallalarga o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan ko‘chatlar yetkazib berish bo‘yicha tashkiliy va amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, 2023 yil 30 oktyabr holatiga ko‘ra, loyiha doirasida 2023 yil kuz mavsumida hududlarda jami 6 million 100 ming donadan oshiq ko‘chatlar ekilgan bo‘lib, shundan Andijon viloyatida 1 million 32 mingta, Namangan viloyatida 536 mingta, Jizzax viloyatida 674 mingta, Toshkent viloyatida 520 mingta, Farg‘ona viloyatida 564 mingta, Samarqand viloyatida 515 mingta, Qashqadaryo viloyatida 280 mingta hamda Toshkent shahrida 292 mingta mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazilgan.

Qolaversa, mahallalarda ko‘chat ekish bo‘yicha umumiy reja 18 milliondan ortiq etib belgilangan bo‘lib, shundan, mavsum boshidan buyon 2 million 350 mingtaga yaqin ko‘chatlar ekilgan.

Mahallalarda ekilgan mevali va manzarali ko‘chatlar soni mavsum boshidan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasida 278 mingta, Andijon viloyatida 400 mingta, Qashqadaryo viloyatida 245 mingta, Toshkent shahrida 200 mingta, Farg‘ona viloyatida 245 mingta, Toshkent viloyatida 164 mingta, Jizzax viloyatida 145 mingta hamda Buxoro viloyatida 195 mingtani tashkil qilgan.

Loyiha doirasida hududlarda ishlar jadal suratlarda davom ettirilmoqda.

Qadrli yurtdoshlar! Muhtaram mahalla faollari, ko‘chaboshi va uyboshilar!

Daraxt ekish va uni parvarishlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida qabul qilaylik!

Har birimiz kelajak avlod oldidagi burchimizni chuqur his qilgan holda, “Yashil makon” loyihasini umumxalq milliy harakatiga aylantiraylik!

Toki, bizdan farzandlarimizga obod, yashillikka burkangan go‘zal Vatan meros qolsin!