TOSHKENT SHAHRIDA O‘ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASINING VIII QURULTOYI BO‘LIB O‘TDI

11.11.2020

Joriy yilning 11-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining VIII Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga tabrigi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan o‘qib eshittirildi. Qurultoyda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ham o‘z maʼruzasi bilan ishtirok etdi. U konferensiya ishtirokchilariga so‘zlagan nutqida Mehnat vazirligi va Kasaba uyushmalari Federatsiyasi o‘rtasidagi mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligini taʼminlash va mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratdi.

Taʼkidlash joizki, 2019 yilning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining 3 ta Konvensiyasi, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkilotining “Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli Konvensiyasi hamda bitta Bayonnomasi ratifikatsiya qilingani alohida eʼtiborga molikdir.

2019 yilning 28 oktyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama Respublika komissiyasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama Respublika komissiyasining 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan Ish rejasi tasdiqlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi, yaʼni uch tomonlama xamkorlik asosida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha 2021-2022 yillar uchun Bosh kelishuv imzolangan.

Respublika hududida koronovirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, sanoat, infratuzilma, transport va logistika subyektlarining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash borasida qurilish obyektlari va ishlab chiqarish korxonalarida ishlovchi ishchi va xodimlarga karantin hududida yashashi uchun mehnat sharoitlari yaratilganligi hamda karantin talablariga rioya etilishi ahvolini hamkorlikda o‘rganish maqsadida Mehnat vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining Qo‘shma buyrug‘i O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan holda qabul qilinishi davlat mehnat inspeksiyasi bilan kasaba uyushmalari inspeksiyasining hamkorlikdagi o‘rganishlaridan biri bo‘ldi.

Bu borada joriy yilning o‘tgan davrida faoliyatini olib borayotgan 5757 ta shu jumladan 2626 ta qurilish obyektlari va 3131 ta ishlab chiqarish korxonalarida ishlovchi ishchi va xodimlarni mehnat sharoitlari hamda karantin talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar tashkil etilib, o‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

COVID-19 butun dunyoda mehnat bozorini tubdan o‘zgartirdi. Mazkur sharoit butun dunyo mamlakatlariga bandlikni qo‘llab-quvvatlashda tegishli qarorlarni qabul qilish uchun muhim signal bo‘lib xizmat qildi.

Koronavirus pandemiyasi mehnat bozoriga, mehnat munosabatlari va aholi bandligiga ko‘maklashishda hamda tashqi chegaralar yopilishi munosabati bilan ishsizlarni ayniqsa, ayollarni bandligini taʼminlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas zaruriy choralar ko‘rilishini taqozo etdi.

Bu borada, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan xotin-qizlarni bandligiga ko‘maklashish, ishga joylashtirish, kasbga o‘qitish, o‘zini-o‘zi band qilish evaziga ularni mehnat daromadi bilan taʼminlash bo‘yicha ishlar tashkil etildi va hamkorlikdagi ishlar davom etmoqda.