Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMTTD qo‘shma loyihasi doirasida Jizzax viloyati tadbirkorlariga texnik qurilmalar topshirildi

03.06.2021

2021 yilning 2 iyun kuni Jizzax shahrida kichik va o‘rta biznes vakillariga yangi loyihalarni ishga tushirish yoki mavjud bo‘lgan loyihalarni kengaytirish uchun qurilmalar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, ushbu tashabbus ishtirokchilari ayollar va yoshlar uchun yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni, kelajakda loyihani kengaytirish va takrorlash imkoniyatlari va salohiyati, kasbiy mahoratni oshirish, ish topish va daromad topish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan ijtimoiy ta’sirning ta’minlanishi kabi mezonlar bo‘yicha saralab olindi.

Tadbirda Viloyat Bandlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Jizzax viloyati Savdo-sanoat palatasi boshlig‘i, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi hududiy boshqarmasi vakillari hamda qurilma oluvchi tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Olti nafar tadbirkorlarga beg‘araz yordam sifatida umumiy qiymati 187 mln so‘mga teng 88 dona ishlab chiqarish qurilmalari va maxsus uskunalar topshirildi. Ushbu tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish natijasida Jizzax viloyatida ayollar va yoshlar uchun 32ta yangi ish o‘rinlari va 33 nafar ayollar va yoshlarga zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganishi hamda tadbirkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

Saralab olingan tadbirkorlar loyihalari faoliyat turlari:
• Ayollar sartaroshxonasi va go‘zallik salonini ishga tushirish;
• To‘y liboslari, zamonaviy pardalar va bolalar kiyimlarini tikish bo‘yicha o‘quv-ishlab chiqarish markazini tashkil etish va ayollarni o‘qitish;
• Go‘zallik salonini yaratish, ishsizlar yoki kollej bitiruvchilarini o‘qitish va ish bilan ta’minlash;
• Ayollar va yoshlarni o‘zbek tilida videokontent yaratishga o‘rgatish uchun mini-inkubatorni tashkil etish;
• Milliy matolardan elita pardalari va ko‘rpa-to‘shaklarini tikish va tikuvchilarni o‘qitish korxonasini yaratish;
• Zambil, ko‘rpa-to‘shak to‘plamlari va bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha tikuvchilik korxonasini ishga tushirish.