Mehnat vazirligidagi bitiruvchilar uchun stajirovka markazi o‘z ishini boshladi

26.06.2019

25-iyun Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev Vazirlik tomonidan tashkillashtirilgan stajirovka dasturi ishtirokchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida vazir stajyorlarni saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tganliklari bilan tabrikladi. Tanlov bitta o‘ringa 34 kishini tashkil etdi.

“Vazirlik tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur stajirovka dasturi – bu yoshlarning soha bo‘yicha yuksalishlari uchun ajoyib imkoniyatdir. Biroq yuqori natijalarga erishish uchun jon kuydirishga va o‘ziga, o‘z kuchiga ishonishga to‘g‘ri keladi”, – deya ta'kidladi Sherzod Kudbiyev.

Ochiq saralash bosqichiga ariza topshirgan 826 nafar nomzoddan 24 nafari ushbu bosqichdan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Ular orasida yurtimiz oliy ta'lim muassasalari qatori xorijiy OTM bitiruvchilari ham bor.

Stajirovka dasturi ishtirokchilari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib bormoqda:

1) mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish, bunda ishtirokchilar Namangan viloyatidagi oldindan kasbga va tilga ko‘niktirish markazlarini yaratish ishlariga jalb etilgan;
2) BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikdagi “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” mendjment loyihasi;
3) O‘zbekistonning “WorldSkills International” uyushmasiga a'zo bo‘lishi va milliy “WorldSkills Uzbekistan” uyushmasini tashkil etish;
4) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari davlat xizmatlarini qayta ko‘rib chiqish;
5) Davlat mehnat inspeksiyasi biznes jarayonlarini faollashtirish.

Uchrashuv davomida dastur ishtirokchilari yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zlari ishlayotgan loyihalar taqdimotini o‘tkazib, vazirlik rahbariyati va mutasaddi vakillardan tegishli tavsiyalar olishdi.

Stajirovka dasturi iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni davlat xizmatlariga jalb etish, professional faoliyatga tayyorlash, shuningdek, soha bo‘yicha kelgusida yuksalishlari uchun ko‘maklashishga qaratilgan. Ta'kidlash joizki, yosh mutaxassislar uchun mo‘ljallangan mazkur dasturda haq to‘lanib, dastur uch oy davom etadi. Stajirovka yakuni bo‘yicha ayrim ishtirokchilar Vazirlik markaziy apparati, shuningdek, tasarrufiy tashkilotlarga ishga taklif qilinadi.

1

2

3