Mehnat vazirligi fuqaro murojaatini o‘rganib chiqdi

24.01.2020

2020-yil 23-yanvar kuni internet tarmoqlarida fuqaro Otabek Hafizovich Ismoilovning Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga ochiq xati tarqaldi.

Unda fuqaro O.Ismoilov Mehnat vazirligiga bir necha bor murojaat etganini, biroq u ko‘targan masalalar o‘z yechimini topmayotgani ta'kidlangan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi: fuqaro O.Ismoilov 2019-yilning 13-aprel kuni Koreya Respublikasida ishlash niyatida ekani, bunda unga ko‘mak ko‘rsatishni so‘rab Mehnat vazirligiga murojaat qilgan.

O.Ismoilov bilan bo‘lgan uchrashuvda erkin yollash tizimi bo‘yicha Koreya Respublikasiga ishga borish tartiblari batafsil tushuntirilishiga qaramay, fuqaro hukumatlararo imzolangan memorandumda ko‘rsatilgan test imtihonlarsiz, to‘lovlarsiz, imtiyozli ravishda Koreya Respublikasiga yoki yuqori maoshli Yevropa davlatlariga ishga yuborilishini talab qilgan.


2019 yilning 25 iyun kuni O.Ismoilov Mehnat vaziri qabulida ham bo‘lgan. Vazir fuqaroga uning bandligini ta'minlash maqsadida “Har bir oila tadbirkor” loyihasi doirasida imtiyozli kredit taklif qilgan. Biroq fuqaro bunga rozi bo‘lmagan.

2019 yilning 9 iyul kuni O.Ismoilov ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri F.Rahimbaev, Namangan viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i M.Mamatxonov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Namangan viloyati filiali rahbari J.Ataxajaev, “Gulpora” MFY raisi U.Ustabaevlar fuqaro murojaatini o‘rganib chiqqan va yana bir bor Koreyada ishga joylashish shartlari bo‘yicha unga ma'lumot bergan.

Bundan qoniqmagan fuqaro murojaat yo‘llashni davom ettirgan. Uchrashuv davomida O.Ismoilov biror xorijiy tilni bilmasligini va kasb-hunarga ega emasligini bildirgan.

2020 yilning 3- va 17- yanvar kunlari Namangan viloyati Namangan bandlik bosh boshqarmasi binosida Otabek Ismoilov bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mexnat migratsiya agentligi mas'ul xodimlari tomonidan suhbat o‘tkazilgan. Fuqaro xorijiy tillarini bilmasligi kasb-hunarga ega emasligi sababli, unga bepul kasbga va tilga o‘qitish yoki Polsha davlatidan alohida kasbiy bilim talab etilmaydigan ish taklifi berilgan. Biroq O.Ismoilov uni ham rad etdi.

O.Ismoilov uning ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarning suhbat bayonnomalariga imzo qo‘yishdan bosh tortgan. Mazkur holatni tasdiqlovchi dalolatnomalar ham tuzilgan.

Shundan so‘ng, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 30-moddasiga asosan O.Ismoilov tomonidan yo‘llangan takroriy murojaatning ko‘rib chiqilishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati