BAA Inson resurslari va amirlashtirish vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

20.03.2019

2019-yilning 18-19-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Inson resurslari va amirlashtirish vazirligi o‘rtasida mehnat resurslari sohasida hamkorlik loyihalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida BAA Inson resurslari va amirlashtirish vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda delegatsiya rahbari, xalqaro munosabatlar bo‘limi direktori Abdulla Alnuaymi, vakillar Abdulla Alshamsi, Xuriya Muhamed Alzaruni, Rasha Asem hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov boshchiligidagi mas'ullar ishtirok etdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad mehnat resurslari sohasida hamkorlik olib borishga mo‘ljallangan hukumatlararo hujjat loyihasini muhokama qilish bo‘ldi. Mazkur hujjatda O‘zbekiston fuqarolarining Birlashgan Arab Amirliklarida vaqtinchalik mehnat faoliyatlarini olib borish tartib-qoidalari, mehnat huquqlarini ta'minlash va himoya qilish mezonlari, shuningdek, ish beruvchi va ishchi o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini tartiblovchi huquqiy asoslar belgilangan. Uchrashuv davomida tomonlar ushbu jihatlarga alohida e'tibor qaratib, hujjat loyihasidagi bandlarni qayta ko‘rib chiqishdi, ularga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha mehnat resurslari sohasida O‘zbekiston va BAA o‘rtasida Hukumatlararo hujjatni imzolashga kelishib olindi.

19-mart kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida BAA Inson resurslari va amirlashtirish vazirligining xalqaro munosabatlar bo‘limi direktori, delegatsiyasi rahbari Abdulla Alnuaymi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov mehnat resurslari bo‘yicha Hukumatlararo hujjatni imzoladi. Mazkur hujjat orqali endilikda O‘zbekiston fuqarolariga BAAda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlari uchun yangi imkoniyatlar va mehnat shart-sharoitlari yaratiladi.

Kun tartibida delegatsiya vakillari Toshkent shahridagi Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati (KOIKA)ning kasbga o‘qitish markazi hamda Sergeli tumani Kovorking markaziga ham tashrif buyurib, ularning faoliyatlari bilan tanishdilar.

BAA Inson resurslari va amirlashtirish vazirligi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi yaqin kelajakda mehnat resurslari sohasida hamkorlikda amalga oshirilishi kutilayotgan qator o‘zaro istiqbolli loyihalar yo‘lida tashlangan muhim odimlardan biri bo‘ldi.

1 (4)

2 (4)

3 (5)

4 (2)

5 (3)

7 (1)