2019-yil I yarimyillik yakunlari. Bandlik masalasini o‘rganish, shuningdek, ishga joylashishga muhtoj aholi sonini aniqlash natijalari 

2019-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,1 foizni tashkil etdi, O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba iqtisodiyotning rasmiy sektorida band kishilar soni 300 mingdan ortdi.

2019-yil iyun oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan respublikaning 104 ta shahar va tumanlarida ijtimoiy tadqiqot amalga oshirildi. Tadqiqot davomida fuqarolarning 462 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 4 880 ta uy xo‘jaligi va 25 925 nafar fuqaro qamrab olindi.

Tadqiqot natijalarining tahlili iqtisodiy faol aholiga nisbatan ishsizlik darajasi 9,1 foiz ekanligini ko‘rsatdi, bu 2018-yilning mos davri ko‘rsatkichiga qaraganda 0,2 foizga kamdir. Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida eng yuqori ishsizlik darajasi qayd etildi – 9,4 foiz, eng kam ko‘rsatkich esa - Toshkent shahrida (7,7 foiz).

Ishga joylashishga muhtoj aholi soni 1 342,6 ming shaxsdan iborat bo‘lib, yoshlar orasidagi (30 yoshgacha) ishsizlik darajasi 15,1 foizni, 15-25 yoshdagilar o‘rtasida – 16,8 foizni, ayollar orasida esa 12,7 foizni tashkil etdi.

Mehnat resurslari soni 18 964 ming kishi bo‘lib, 2018-yilning yanvar-iyun oylari ko‘rsatkichiga nisbatan 1 foizga ortgan. Iqtisodiy faol aholi soni 2018 yil mos davri ko‘rsatkichlariga qaraganda 181,5 mingga yoki 1,2 foizga o‘sgan. Iqtisodiy nofaol aholi soni 4 213,0 kishini tashkil etdi (0,1 foizga ortgan), bunday ko‘rsatkich homiladorlik ta'tili, tug‘ish ta'tili yoki 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar parvarishidagi ayollar sonining 4,4 foizga oshishi bilan izohlanadi. Ta'kidlash joizki, o‘z xohishiga ko‘ra band bo‘lmaganlar soni keskin kamayib, 805,6 mingdan 734 ming (8,9 foiz)ga tushgan, bu esa aholining mehnat va tadbirkorlik faolligi ortganligini bildiradi.

Bandlik tizimida iqtisodiyotning rasmiy sektorida band bo‘lganlar soni o‘sgani va norasmiy sektordagi bandlikning kamayganligi kuzatilmoqda. Xususan, iqtisodiyot sohalarida band bo‘lganlarning umumiy soni 13 408,4 ming kishiga yetdi, bu 2018-yilning yanvar-iyun oylaridagi ko‘rsatkichga qaraganda 1,4 foizga ko‘proqdir. Bunda iqtisodiyotning rasmiy sektorida band bo‘lganlar soni O‘zbekiston tarixida birinchi marta 326,3 minga yoki 6,2 foizga ortib, 5 593,6 ming kishiga yetdi. Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni esa aksincha, 137,7 minga yoki 1,7 foizga kamayib, 7 814,8 mingni tashkil etdi. Bu bevosita norasmiy tadbirkorlik faoliyati va ish o‘rinlarini legallashtirish chora-tadbirlari natijasidir.

Shuningdek, tadqiqot natijalari chet elga mehnat migratsiyasiga ketgan shaxslar soni 2018-yil mos davri bilan qiyoslaganda 1,9 foizga, 2 644,1 mingdan 2 594,1 minga pasayganligini ko‘rsatdi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ishga joylashtirishda yordam so‘rab 404 569 nafar shaxs murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 138 173 nafarini 16-30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tashkil etdi. Murojaat qilganlardan 167 713 nafari ishga joylashtirildi, 139 679 nafari jamoat ishlariga jalb qilindi, 10 085 nafari kasbga qayta o‘qitishga yo‘naltirildi, 31 938 nafar shaxsga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan birinchi marotaba ishsiz fuqarolar bandligini ta'minlashga ko‘maklashish bo‘yicha yangi xizmat turi – Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rinishidagi subsidiya va grantlar taqdim etish joriy qilindi.

Xususan, subsidiyalar:

ish beruvchilarga – aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun – har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdorida to‘lovni amalga oshirish;

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslarga – yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tadbirkorlikka o‘qitish va kredit olishda sug‘urta polisi to‘lovi uchun xarajatlarni eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida to‘lash;

ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga – har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida haq to‘lash;

yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun tomorqa yer egalariga – “Tomorqa xizmati” MChJ, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi va tomorqa yer egalari o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda to‘lash uchun beriladi.

Grantlar:

kasb-hunar ta'limi muassasalariga - band bo‘lmagan shaxslarni, ayniqsa, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar, kam ta'minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish;

kasb-hunarga o‘qitish markazlari, kollejlar va oliy o‘quv yurtlarida kasb-hunarga tayyorlash, agrotexnologiya, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilik sohasida fermer va dehqon xo‘jaliklarining rahbarlari va ishchilari hamda tomorqa yer egalarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni moliyalashtirish.

O‘tgan vaqt davomida tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan ish beruvchi va ishsiz fuqarolar murojaati bo‘yicha 2 141,8 mln. so‘mlik subsidiyalar berildi, natijada 2 493 nafar ishsif fuqaroning bandligi ta'minlandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan atroflicha tahlil o‘tkazish, mehnat resurslari soni va sifatini xolis va sifatli baholash, shuningdek, aholini ishga joylashtirish va bandligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligiga erishish maqsadida mehnat bozorini muntazam o‘rganish ishlari davom ettiriladi.

To‘liq yuklab olish (PDF 2.05 MB)