Ijtimoiy tarmoqlarda “Ta’lim tizimida pensioner xodimlarga ishdan bo‘shatish to‘g‘risida ogohlantirish xati bermoqda” sarlavhasi ostida chiqarilgan xabar
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 7-bandiga muvofiq xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi, qonunchilikka muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lganda mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish huquqi mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-martdagi “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-167-son qarorining 3-bandida mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibini taqiqlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin – deb belgilangan.
Mazkur banddagi topshiriq yangi tahrirdagi mehnat kodeksida aks ettirilgan bo‘lib, unga ko‘ra xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibi chiqarib tashlangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasida mehnatga oid munosabatlar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, jamoa kelishuvlari, shuningdek jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi. Yuqoridagilarga asosan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.