“Ishga marhamat” Monomarkaz bitiruvchilariga mahorat pasportlari topshirildi

16.06.2021

Joriy yilning 16 iyun sanasida Toshkent shahridagi «Ishga Marhamat» Monomarkazida BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori Mirьyana Spolyarich Egger, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri birinchi oʼrinbosari Erkin Muhiddinov, BMT Taraqqiyot dasturining qoʼshma loyihalari donorlari, Yaponiyaning Oʼzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama va Rossiya Federatsiyasining Oʼzbekiston Respublikasidagi elchixonasi maslahatchisi Vadim Mitrofanov va bitiruvchilar ishtirokida uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Uchrashuvda qoʼshma hamkorlikning ustuvor yoʼnalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, vazirlik va BMT Taraqqiyot dasturining “Oʼzbekistonda yoshlar bandligiga koʼmaklashish” loyihasi, hamda Namangan shahrida ishga tushirilgan yangi “Fargʼona vodiysida pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga aholining koʼnikmalarini moslashtirish” loyihasining natijalariga alohida toʼxtalib oʼtildi.

 

Uchrashuv davomida kasb-hunarga oʼqitish kurslarini tamomlagan va milliy ekspertlar tomonidan mustaqil ravishda baholangan 14 nafar bitiruvchilariga xalqaro standartlarga muvofiq mahorat va malakani tasdiqlovchi “skills pasportlar” taqdim etildi.

 

Muzokaralar chogʼida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʼrinbosari Erkin Muxitdinov, yangi loyiha Hukumat tomonidan Fargʼona vodiysida pandemiyadan keyingi davrda kasbiy tayyorgarlik va aholining malakasini oshirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlashi kerakligini taʼkidladi.

Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar uchun «Ishga Marhamat» Monomarkazi boʼylab ekskursiya tashkil etildi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining “Oʼzbekistonda yoshlar bandligiga koʼmaklashish” loyihasi doirasida Yaponiya hukumatining moliyaviy koʼmagida tikuvchilik, dasturiy taʼminot va estetik kosmetologiya yoʼnalishlari baholash xonalari uchun sotib olingan uskunalar taqdimoti oʼtkazildi.