Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kunida dolzarb masalalar muhokama etildi

31.07.2019

2019-yil 30-iyul Toshkent shahridagi “Radisson Blu” mehmonxonasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YHXT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “Odam savdosi qurbonlarini o‘z mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha yetakchi tamoyillar” mavzusidagi o‘zbek tilidagi nashrning taqdimoti o‘tkazildi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad odam savdosiga qarshi kurashish va odam savdosi qurboni bo‘lgan va undan jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish sohasida O‘zbekistonning erishgan natijalarini muhokama qilish, shuningdek, YHXT DIIHBning odam savdosi qurbonlarini qayta yo‘naltirish milliy tizimini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar taqdimotini o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.   

Tadbir davomida Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan brifing tashkil etildi. Brifingda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov ma'ruza bilan qatnashdi.

B.Umrzoqov tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va xorijdagi o‘zbekistonlik migrantlarga munosib mehnat sharoitlarini ta'minlash bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qildi.   

Mehnat migratsiyasi davrida vafot etgan 86 nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadini qaytarish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tomonidan qoplanganligi ta'kidlab o‘tildi.

Qolaversa, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘siz qolgan 6 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini qaytarishga yordam ko‘rsatildi.

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining hududlardagi Chet el fuqarolarini vaqtinchalik ushlab turish markazlarida bo‘lib kelgan 1198 nafar o‘zbekistonlik fuqaroni vatanga qaytarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan olib borilgan tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi.

Brifing davomida tashqi mehnat migratsiyasi tizimini yanada takomillashtirish maqsadida xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarni uyushgan tartibda yuborish bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan xalqaro bitimlar tuzilayotgani ham qayd etildi.

Tadbir yakunida odam savdosiga qarshi kurashish sohasida chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari faoliyati natijalari sarhisob qilindi.

1 (11)