Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi BAYОNOTI

02.07.2019

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 1-iyul kuni O‘zA axborot agentligining rasmiy sahifasida “Sahnalashtirilgan qabul” yoki Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Farg‘ona viloyatiga nega kelgandi?” sarlavhali maqolasiga muvofiq quyidagilarni ma'lum qiladi:

28-iyun Farg‘ona viloyatida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev ishtrokida sayyor qabul o‘tkazilgan. Qabul jarayonida Farg‘ona aholisidan kelib tushgan bandlik, mehnat huquqi, imtiyozli kreditlar va mehnat migratsiyasiga doir savol va muammolar o‘rganilgan. Tadbir doirasida 53 nafar fuqaro murojaatlari bilan bevosita vazir tomonidan qabul qilingan.

Mazkur maqolada qabul jarayonida ayrim fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal etilmaganligi hamda qabul natijalari xaqiqatdan uzoq ekanligi aytilmoqda. Maqolada keltirilgan dalillar vazirlik rahbariyati tomonidan sinchiklab o‘rganildi.

Boshqa viloyatlarda o‘tkazilgan sayyor qabullar chog‘ida bunday holatlar umuman kuzatilmaganligi va 28-iyun kuni o‘tkazilgan tadbirda aholidan tushgan murojaatlar natijasiga Farg‘ona viloyati Bandlik boshqarmasi rasman javobgar ekanligini inobatga olgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Farg‘onadagi sayyor qabul jarayonida kelib tushgan 53 ta murojatning har biri yuzasidan vazir o‘rinbosari B.Umurzoqov boshchiligida ishchi guruh bilan ichki tekshiruv o‘tkazish qarorini qabul qildi.

Tekshiruv natijalari xususida yana batafsil axborot beriladi.