12-iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni

12.06.2019

Har yili 12-iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu kunni belgilash g‘oyasi 1997-yil Amsterdam va Osloda bo‘lib o‘tgan konferensiyalarda yuzaga kelgan. 2002-yil Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan 12-iyun rasman bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni deb e'lon qilingan.

Hozir dunyo bo‘yicha ishlayotgan bolalar (5-17 yosh) soni 218 millionni tashkil etib, shulardan 152 millioni bugungi ko‘rinishdagi quldorlik qurbonlari hisoblanadi, yana 73 millioni esa hayot uchun xavfli bo‘lgan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Bolalar mehnatiga qarshi kurashish bo‘yicha so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumati, shu jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sa'y-harakatlari bilan O‘zbekistonda bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2018-yil AQSh O‘zbekiston paxta mahsulotlarini bolalar mehnati orqali yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqardi.

XMT bilan faol hamkorlik natijasida mazkur tashkilotning “Bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish va taqiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 182-konvensiyasi ratifikatsiya qilingan.  

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2017-yil 4-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori bilan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha parlament nazorati instituti joriy etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan majburiy mehnatga qarshi kurashish yanada kuchaytirildi.