O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida 10-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan "Shuhrating porlasin, toki bor jahon" mavzusida ma‘naviy-ma‘rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

10 dekabr O‘zbekiston Respublikasi
Davlat Madhiyasi qabul qilingan kun

Shuhrating porlasin, toki bor jahon

      Mustaqil O‘zbekiston madhiyasi yangragan har go‘shada borliq yasharadi, uni tinglagan har vujudning qalbida mehr-muhabbat, sadoqat aks etadi, shuurida ma’rifat jo‘sh uradi.
      1992 yil 10 dekabr. Ushbu sanada O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining huquqiy maqomini belgilovchi 13 moddadan iborat “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
     O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi mustaqillikka e’tiqodni targ‘ib qiladi. Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo‘lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, kurashga chaqiradi, milliy g‘ururni uyg‘otadi.
      Madhiyamiz bayramlar, siyosiy chiqishlar, sport anjumanlari, rasmiy davlat qabullari, ahamiyatli mitinglar, turli davlat boshliqlarini kutib olish va kuzatish marosimlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlat suverenitetiga e’tiqod va hurmatni rasmiy musiqa hamda matn bilan ifoda etadi.
      Har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz. Qalbimizda yangi kun, yangi davr, yangi orzu va umidga shijoat uyg‘onadi. Istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukrona keltiramiz. Ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorug‘ kelajagini sharafovchi bu tarona asrlar osha baralla yangrayverishi haqidagi istak bilan olg‘a intilamiz.
      Hurmatli hamkasblar sizlarni qalbimizda cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini yuksaltiruvchi, ona yurtga fidoyilikni tarannum etuvchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun barchamizga muborak bo‘lsin!