2019-yilning 25-fevral kuni Samarqand shahar Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Keimyung kollej universiteti o‘rtasida kasb-hunar ta'limini yanada rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandum orqali 2019-2022-yillarda Samarqand kasb-hunarga o‘qitish markazining ta'lim salohiyatini mustahkamlash, Samarqand viloyatida ishchilar malakasi va ishga joylashtirish samaradorligini oshirishga qaratilgan grant loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Xususan, loyiha doirasida Samarqand kasb-hunarga o‘qitish markazida mashinasozlik texnologiyasi (CNC), kompyuter dizayneri yo‘nalishlari va Samarqand Startap Biznes Inkubator markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha uchun KOICA va Keimyung kollej universiteti tomonidan bir million bir yuz ming AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratilmoqda.

Memorandum Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov, KOICAning Toshkentdagi ofis direktori Son Song Il hamda Keimyung kollej universiteti sanoat bilan hamkorlik departamenti direktori Kim Yonkab tomonidan imzolandi.

Marosim yakunida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlab borish va o‘zaro istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tilaklar bildirilib, koreyalik hamkorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.