O‘zbekiston Respyblikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi “Aholi bandligini ta'minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3856-son Qarori bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasiga muvofiq, 2019-yilning 25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tashabbusi bilan vazirlik tasarrufidagi Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari o‘quvchilari o‘rtasida ilk marotaba kasbiy ko‘nikmalar tanlovi o‘tkazildi.

 

Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘quv markazlaridagi ta'lim sifatini oshirish, o‘quv-tarbiya jarayonini, o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini takomillashtirish, ular tomonidan qobiliyatli o‘quvchilar bilan aniq maqsadga yo‘naltirilgan yakka tartibdagi ishlarni o‘tkazish, o‘quvchilarning iste'dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilishga shart-sharoit yaratish hamda xalqaro kasbiy ko‘nikmalar tanlovida ishtirok etish uchun nomzodlarni shakllantirishdan iboratdir.

 

Tanlovda Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlaridagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarining jami 3 ta guruhi quyidagi to‘rt yo‘nalish bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi:

1. Avtomobillarni ta'mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish.
2. Elektr va elektronika.
3. Payvandlash ishlari texnigi.
4. Axborot texnologiyalari.

Tanlov jarayonlarini KOICA mutaxassislari va tegishli tashkilotlarning mas'ul vakillaridan iborat nufuzli hakamlar hay'ati baholab bordi. Tanlov doirasida, shuningdek, guruh o‘quvchilari tomonidan yaratilgan turli texnologik ishlanmalar va o‘quv markazi faoliyatini yorituvchi stendlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Kunning ikkinchi yarmida markaz o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy kecha hamda taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov hamda KOICAning Toshkentdagi ofis direktori Son Song Il bevosita ishtirok etib, yo‘nalishlar bo‘yicha tanlov g‘oliblarini mukofotlashdi.

Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlari o‘rtasida ilk marotaba o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra umumiy hisobda Samarqand kasb-hunarga o‘qitish markazi birinchi o‘rinni egalladi.

Tadbir yakunida tanlovning barcha ishtirokchilariga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.