2019-yilning 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida vazir Sherzod Kudbiyevning Alshaya Group ijrochi direktori Muhammad Al Shaya (Quvayt) bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekiston fuqarolarini Alshaya Group kompaniyasi tarkibiy bo‘linmalarida ishga joylashtirish istiqbollari muhokamasi bo‘ldi.

Alshaya Group dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biri hisoblanib, uning boshqaruvida yettita soha bo‘yicha 4000 dan ortiq do‘konlar mavjud. Kompaniyada 120 mamlakatdan yig‘ilgan 53 000 nafar xodim faoliyat yuritadi. Alshaya Group Yaqin Sharq davlatlari, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Yevropaning qator mamlakatlaridagi Starbucks, H&M, Mothercare, Debenhams, American Eagle Outfitters, P.F. Chang’s, The Cheesecake Factory, Victoria’s Secret, Boots, Pottery Barn, KidZ kabi brendlar boshqaruvini amalga oshiradi.

Uchrashuv doirasida Alshaya Group hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarining ushbu kompaniyada ishga joylashishlari uchun istiqbolli imkoniyatlarni ochib beruvchi Memorandum imzolandi.