1-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nobuaki Ito bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Nobuaki Ito bilan birga, elchixona vakillari Yoko Yamoto, Tatsunori Motoki hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi vazirlik mas'ullari ishtirok etdi.

Ma'lumki, joriy yilning 13-17-yanvar kunlari vazir Sherzod Kudbiev Yaponiyada stajyorlarni texnik tayyorlash dasturi bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish va mazkur davlatda ishga joylashtirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan holda tanlash dasturini amalga oshirishni tashkillashtirish maqsadida Yaponiyaga tashrif buyurgan edi.

Tashrif natijasiga ko‘ra, Yaponiya Sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi, Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida stajyorlarni texnik tayyorlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik Memorandumi imzolandi va qator o‘zaro istiqbolli loyihalar muhokama etildi.

Uchrashuv davomida ana shunday hamkorlik loyihalaridan biri – vaqtinchalik mehnat faoliyatini yuritish uchun Yaponiyaga O‘zbekiston fuqarolarini yuborish bo‘yicha hamkorlik Bitimini imzolash, shuningdek, vazir tomonidan Yaponiyaga amalga oshirilgan tashrif istiqbollari haqida fikr almashildi. Xususan, Nobuaki Ito Yaponiyada malakali ishchilarga talab yuqori ekanligi va bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish ikki tomonlama manffatli bo‘lishini ta'kidlab, shunga monand o‘zaro hamkorlik Bitimi bo‘yicha tegishli takliflar berilishini so‘radi.

O‘z navbatida, Sherzod Kudbiyev Yaponiyaga tashrifi chog‘ida yuksak ehtirom ko‘rsatilgani va mehnat sohasi bo‘yicha hamkorlik qilishga alohida qiziqish bildirilgani xususida to‘xtalib, imzolanishi rejalashtirilayot-gan hamkorlik Bitimini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi va tez orada tegishli takliflar kiritilishini qayd etib o‘tdi. Shuningdek, vazir Yaponiyada ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga yapon tilini o‘rgatuvchi va ularning yapon tilini bilish darajasini baholovchi o‘zaro hamkorlikdagi markazni tashkil etish taklifini kiritdi.

Uchrashuv yakunida bildirilgan fikr-mulohazalarga muvofiq hamkorlikni jadal davom ettirishga kelishib olindi.