O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ 3839-sonli qarori ijrosini ta'minlash hamda 2018-yilning 5-8-sentyabr kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining 19-kengashida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi hududiy organlarining Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlaridagi taxminan 1500 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarishga ko‘maklashish to‘g‘risida erishilgan kelishuvga muvofiq, 2018-yilning to‘rtinchi choragida ana shunday toifaga kiruvchi 200 nafarga yaqin yurtdoshlarimiz O‘zbekistonga qaytarilgan edi.

Ushbu chora-tadbirlar 2019-yilning dastlabki oyidan boshlab faol davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yilning 15-18-yanvar kunlari xorijda qiyin ahvolda qolgan yana 70 ga yaqin yurtdoshlarimiz O‘zbekistonga qaytarildi. Ular mehnat muhojiri sifatida bir necha yillab yurtiga qaytolmay, sog‘lig‘i va shaxsiy hujjatlaridan ayrilib, o‘zga yurtlarda sarson bo‘lishgan.

Yurtdoshlarimizni Toshkent Xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari o‘rinbosari Baxtiyor Tursunov boshchiligidagi mas'ul vakillar kutib olishdi.

Fuqarolarimiz Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, Agentlik vakillari bilan uchrashuvda zaruriy maslahat va ko‘rsatmalar olishdi.

Uchrashuv yakunida yurtimizga qaytarilgan fuqarolarning yashash manziliga qadar yo‘l xarajatlarini qoplash maqsadida ularga eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida pul mablag‘lari tarqatildi.

Yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ 3839-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tashkil etilgan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirildi.

Xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish ishlari davom etadi.