2019-yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Elchixonasida O‘zbekiston ishchilarini yapon ish beruvchilari bilan hamkorlik qilishga jalb etish imkoniyatlari muhokamasiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, O‘zbekistonning Yaponiyadagi favqulodda va muxtor elchisi G‘ayrat Fozilov, shuningdek, xorijiy ishchi kuchini import qilish bilan shug‘ullanuvchi Tokiodagi 70 dan ortiq yapon kompaniya va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Brifing davomida vazir tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining uyushgan holda tanlash tizimini rivojlantirish, Yaponiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qabul qilishga tayyor yapon ish beruvchilari uchun istiqbollar va imkoniyatlarni belgilash va afzalliklar yaratishga oid o‘rta muddatli strategiyasi taqdim etildi.

Yig‘ilganlarda, ayniqsa, O‘zbekistonda ish boshlagan amaldagi xususiy bandlik agentliklari haqida berilgan ma'lumotlar alohida qiziqish uyg‘otdi. Xususan, Yaponiyaning ishbilarmon doira vakillari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda texnik stajyorlar dasturi (OTIT)ning yapon hamkorlari bilan faoliyat yuritish uchun tavsiya etilgan agentliklar reestrini ochiq e'lon qilish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdi.

Brifingda savol-javoblar sessiyasi ham bo‘lib o‘tib, uning doirasida ish beruvchilarni qiziqtirgan hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha jonli muloqot tashkil etildi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar O‘zbekiston Elchixonasi nomidan tushlik-furshetga taklif qilindi.

Shuningdek, kompleks “APA Group” xalqaro tarmog‘i asoschisi va egasi Toshio Motoyya bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda “APA Group” tarmog‘ining mehmonxona xo‘jaligiga o‘zbek ishchilarini jalb qilish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Xususan, janob Motoyya “APA Hotels” mehmonxonalari tarmog‘ida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mehmonxona sohasidagi O‘zbekiston mutaxassislarini jalb qilish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi. Belgilangan kelishuvlarni amaliy jihatdan yuzaga chiqarish maqsadida Motoyya O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “APA Group” o‘rtasida sheriklikni nazarda tutuvchi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida T.Motoyya O‘zbekistondagi, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatidagi islohotlar haqida taqdimot o‘tkazish uchun Sh.Kudbiyevni “APA Group” korporativ klubining 2019-yil 17-yanvarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuviga taklif etdi.