2019-yil 7-yanvar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Xususiy bandlik agentliklariga tantanali ravishda litsenziyalar topshirildi.

Ma'lumki, 2018-yil 16-oktabr O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonun imzolangan edi. Mazkur qonunga asosan, O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha davlat monopoliyasi tugatilib, bu sohada xususiy tashkilotlar faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xususiy bandlik agentliklarini ro‘yxatga olish va fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish uchun litsenziya berish amaliyotini yo‘lga qo‘ydi. Xususan, Vazirlik tomonidan xususiy bandlik agentliklari reestri va O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olish xizmatlarini taqdim etuvchi https://reestr.mehnat.uz sayti ishga tushirildi. Ushbu tizim asosida bugungi kungacha Xorazm, Samarqand, Andijon, Toshkent viloyatlaridagi Xorazm, Arm-inter group, Tian Shan, Amilee Bahora, Human singari 5 ta Xususiy bandlik agentligiga fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha litsenziyalar berildi.

Fuqarolarni xorijda ishlashga yuborish vakolati shu paytgacha faqat O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligida mavjud edi. Endilikda mazkur vazifani Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligidan tashqari Respublikaning turli hududlarida joylashgan litsenziyaga ega Xususiy bandlik agentliklari ham erkin amalga oshirishlari mumkin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o‘tkazilgan marosimda yana 10 ta ana shunday Xususiy bandlik agentliklariga litsenziyalar taqdim etildi. Jumladan, litsenziyaga ega bo‘lgan Taraqqiyot, Avangard Personal, Korean and Migrations, Historical Travel, Vodiy HR, Status777, Goodwill, Recruit Consulting, Euroasia Innovation, International Experience kabi xususiy bandlik agentliklari Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Toshkent shaharlarida fuqarolarga rasman xizmat ko‘rsatishni boshlaydi. Agentlik mas'ul vakillariga litsenziyalar vazirlikning Tashqi mehnat migratsiyasi va qaytib kelgan mehnat migrantlarini reintegratsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Dilafruz Ikromova tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Litsenziyalar o‘z egalariga berilgach, Dilafruz Ikromova agentlik mas'ullari bilan kelgusi faoliyatlari, joriy yilgi rejalari va soha bo‘yicha qiziqtirgan masalalari xususida suhbatlashdi. Fuqarolar bandligini ta'minlash hamda ishsizlikni bartaraf etishda xususiy bandlik agentliklarining alohida o‘rin tutishi ta'kidlanib, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi loyihasida rejalashtirilgan vazifalarni bajarishda, ya'ni 2019-yilda 200 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ish bilan ta'minlash jarayonida xususiy bandlik agentliklarining muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.