20-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Hududiy Bandlik bosh boshqarmalari boshliqlarining boshqaruv sohasida malakasini oshirish va tajriba almashish” mavzusi bo‘yicha o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Turkiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi Trening markazi prezidenti Abdurahim Chenosak boshchiligidagi ekspertlar guruhi hamda O‘zbekiston viloyatlaridagi Bandlik bosh boshqarmalari rahbarlari va Toshkent shahridagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari boshliqlari ishtirok etdi.

Seminarni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov rasman ochib berdi.

Seminar kun tartibida mehnat sohasi bo‘yicha Turkiya amaliyoti, xususan, aholi bandligi va mehnat muhofazasini ta'minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mehnat migratsiyasini takomillashtirish yo‘lida olib borayotgan chora-tadbirlari o‘rganildi. Turkiyalik ekspertlar seminar qatnashchilari bilan mehnat sohasidagi tajribalarini o‘rtoqlashdi. O‘z navbatida, xorijiy hamkorlarga mehnat sohasi bo‘yicha O‘zbekistonda so‘nggi davrda amalga oshirilayotgan samarali ishlar haqida aytib o‘tildi. Shuningdek, seminar davomida aholini ijtimoiy himoyalash, mehnat bozorida fuqarolar bilan ishlash mexanizmlari, norasmiy bandlikni tartiblash tizimlari, ish o‘rinlarida munosib mehnat sharoitlarini yaratish kabi dolzarb masalalarda ham fikr almashildi.

Seminar yakuniga ko‘ra, kelgusida soha bo‘yicha tajriba almashishni yanada faollashtirish va bu borada hamkorlik aloqalarini mustahkamlab borishga kelishildi.