O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2019-yil aholi bandligini ta'minlash, munosib ish o‘rinlarini yaratish hamda mehnat migratsiyasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular orasida BMT Taraqqiyot dasturi va Rossiya Federatsiyasining donorlik tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasi istiqbolli natijalar va samarali chora-tadbirlarga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

27-dekabr Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida xorijiy hamkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur loyihani ishga tushirish va baholash bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

 
Uchrashuvda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Farid Karaxanov, Barqaror rivojlanish bo‘limi boshlig‘i Xurshid Rustamov, dasturchi koordinatori Adxam Qo‘chqorov, donorlik tashkiloti nomidan Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Elchixonasi maslahatchi-elchisi Vadim Mitrofanov, ikkinchi kotibi Ivan Prokopenko hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi mas'ul xodimlar ishtirok etdi.

 

“O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonda faol chora-tadbirlar amaliyotini qo‘llash orqali yoshlar bandligiga ko‘maklashish, bu yo‘lda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatlari uchun yangi imkoniyatlarni yaratish, mehnat bozoridagi xizmatlar sifatini yanada oshirish hisoblanadi. Loyiha 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan.

 

Uchrashuv davomida tomonlar loyihaning ana shunday tafsilotlarini atroflicha ko‘rib chiqib, undan kutilayotgan natijalar borasida fikr-mulohazalar bildirishdi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflar kiritilib, joriy yil yakuniga qadar loyihani tomonlar tasdig‘idan o‘tkazishga kelishib olindi.