2018-yil 15-dekabr Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Delegatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, Samarqand viloyati hokimi Erkin Turdimov va boshqa mutasaddi vakillar hamrohlik qildi.

Tashrif avvalida delegatsiya Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, “Shohi Zinda” majmuasi kabi Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdi.

Ko‘p asrlik tarixga ega me'moriy obidalar delegatsiya vakillari, shu jumladan, janob Gay Rayderda ulkan taassurot qoldirdi.

“Samarqand shahri chindan ham dunyodagi eng ko‘hna shaharlardan biri ekan. Ayniqsa, bu yerda saqlanib qolgan ming yillik tarixiy obidalar kishini xayratga soladi. Bu mening O‘zbekistonga, shu jumladan, Samarqandga birinchi tashrifim va bu o‘lkaga kelganimdan juda ham xursandman”, – deya ta'kidladi janob Gay Rayder.

Shundan so‘ng, delegatsiya vakillari Samarqand shahar “Konigil qog‘oz” fabrikasi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif doirasida oliy martabali mehmonlarga milliy madaniyatimiz aks ettirilgan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Kunning ikkinchi yarmini delegatsiya Amir Temur maqbarasiga tashrif bilan boshladi. Delegatsiyaga noyob me'morchilik namunasi, temuriylar tarixi, davlatchiligi va Amir Temur shaxsi haqida ma'lumot berildi.

Amir Temur maqbarasiga tashrifdan so‘ng, delegatsiya Registon ansambliga yo‘l oldi. Registon maydonida Ulug‘bek, Tillakori va Sherdor madrasalaridan iborat me'moriy majmuaga safar uyushtirildi.

Registon maydoniga tashrif yakunlangach, delegatsiya Samarqand shahrining Siyob bozorini ko‘zdan kechirdi.

Janob Gay Rayder Samarqandning O‘zbekiston turistik salohiyatini namoyon etuvchi ajoyib shahar ekanligini, turizm bo‘yicha O‘zbekistonning ulkan imkoniyatlarga egaligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Siyob bozoridan so‘ng, delegatsiya Bibixonim masjidiga tashrif buyurdi va yana bir klassik me'morchilik namunasi bilan tanishtirildi.

Delegatsiya kun tartibidagi so‘nggi tashrif Samarqand shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga uyushtirildi. U yerda delegatsiya vakillariga markaz faoliyati, fuqarolar bilan ishlash tartibi haqida ma'lumot berildi.

Ta'kidlash o‘rinliki, bu XMT bosh direktori Gay Rayderning Markaziy Osiyo mintaqasiga ilk tashrifi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, XMT bosh direktori Gay Rayder boshchiligidagi delegatsiya 14-dekabr Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Mehnat sohasi istiqboli: Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib bandlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik vamehnat munosabatlari, Tashqi ishlar vazirliklari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi rahbarlari bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazdi.