“Mehnat sohasi istiqboli: Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib bandlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar” xalqaro konferensiyasining ikkinchi yarmi mehnat sohasidagi muammolar muhokamasiga bag‘ishlandi.

Konferensiya ishtirokchilari “Munosib mehnat va aholi bandligi”, “Mehnat migratsiyasi xavfsizligini ta'minlash va tartibga solish” hamda “Aholining ijtimoiy himoyasi masalalari” singari uchta bo‘limda o‘zaro fikr almashdi.


Xususan, “Munosib mehnat va aholi bandligi” mavzusida kechgan muhokamada Qirg‘iziston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Kamaldin Toktosarov, Rossiya Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari Lyubov Yelsova, Ozarbayjon Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vaziri o‘rinbosari Metin Karimli, Qozog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vitse-ministri Nurjan Altaev hamda bandlik masalalari bo‘yicha XMT byurosi bosh mutaxassisi Mixail Pushkin asosiy spikerlar sifatida qatnashdi.

Ushbu bo‘limda aholi bandligini oshirish, samarali mehnat faoliyatini tashkil etish, barqaror rivojlanish yo‘lida munosib bandlikni ta'minlash, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini takomillashtirish va mehnat sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, istiqbolli takliflar kiritildi.


Konferensiyaning yana bir muhim tarmog‘i “Mehnat migratsiyasi xavfsizligini ta'minlash va tartibga solish” masalalari bo‘ldi. Mavzu doirasida mehnat muhojirlari huquqini himoyalash, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari va holati, fuqarolarni xorijda tashkiliy asosda ishga joylashtirish, mehnat migratsiyasi bo‘yicha maqsadli me'yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish masalalari muhokama etildi.

Bo‘limda XMT, YXHT xalqaro tashkilotlari, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston davlatlarining mehnat migratsiyasi bo‘yicha mas'ul vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, konferensiya kun tartibidan “Aholining ijtimoiy himoyasi masalalari” alohida o‘rin egalladi. Mazkur bo‘limda zamonaviy texnologiyalarning mehnat sohasida tutgan o‘rni, aholining ijtimoiy himoyasi rivojidagi yangi tendensiyalar, pensiya ta'minoti, ijtimoiy tenglik singari masalalar Osiyo taraqqiyot banki, XMT, YUNISEF vakillik organi hamda O‘zbekistondagi mas'ul tashkilot vakillarining e'tibor markazida bo‘ldi.

Xalqaro konferensiyaning muhokamalar jarayoni mehnat sohasi bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga turtki beruvchi g‘oya va takliflarni ishlab chiqishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.